Daryo

AQSH prezidentining kadrlar bilan ishlash boshqarmasi direktori Toshkentda tug‘ilgani ma’lum bo‘ldi

Bolaligida Gorning oilasi AQSHga ko‘chib ketgan, bu yerda u Amerika fuqaroligini olgan

1 daqiqa o‘qish17 028 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH prezidentining xodimlar bilan ishlash boshqarmasi direktori Serjo Gor O‘zbekistonda tug‘ilganligi aniqlandi. Bu haqda Times of Malta va OCCRP nashrlari xabar qilmoqda.

Foto: AP
“Serjo Gor AQSH prezidenti Donald Tramp qoshidagi Oq uyning kadrlar bo‘yicha tayinlash boshqarmasi direktori etib tayinlanganda, OAVlardan biri uni “ehtimol, siz hech qachon eshitmagan eng ta’sirli shaxs” deb atagan edi. So‘nggi yillarda Gorning nomi ko‘proq tilga olina boshladi, chunki u Tramp ma’muriyati uchun minglab amaldorlarni tayinlashni nazorat qilishni davom ettirdi. Uning tarjimayi holidan ko‘p ma’lumotlar tez orada OAV orqali ma’lum bo‘ldi. Faqat uning tug‘ilgan joyi bundan mustasno edi”, deb yozadi OCCRP.

Gorning o‘zi New York Post nashriga bergan intervyusida tug‘ilgan mamlakatini aytishdan bosh tortib, “bu Rossiya emasligini” ta’kidlagan. Biroq Times of Malta va OCCRP Maltadagi ko‘chmas mulkka oid notarial hujjatlar yordamida Gor 1986-yil 30-noyabrda Toshkentda tug‘ilganini aniqladi. Uning o‘sha paytdagi to‘liq ismi Sergey Goroxovskiy bo‘lgan. Buni uning advokati Robert Garson ham tasdiqlagan.

Maltadagi ko‘chmas mulk 2021-yilda Gor tomonidan onasining kompaniyasidan 268 ming dollarga sotib olingan. Notarial hujjatda amaldorning tug‘ilgan joyi — O‘zbekistonning poytaxti ko‘rsatilgan. Gorning advokatining tushuntirishicha, u Maltadagi uyni “orolga bo‘lgan muhabbati va bolalikdagi quvonchli xotiralari tufayli” sotib olishga qaror qilgan

Bolaligida Gorning oilasi AQSHga ko‘chib ketgan, bu yerda u Amerika fuqaroligini olgan va keyinchalik siyosatchiga aylangan. Xususan, u respublikachilar partiyasidan senator Rend Polning ofisida ishlagan, 2020-yilda esa o‘sha yili ikkinchi muddatga qayta saylanolmagan Trampning saylovoldi kampaniyasi moliya qo‘mitasida apparat rahbari lavozimini egallagan. Shuningdek, Gor kichik Donald Tramp bilan birga Winning Team Publishing konservativ nashriyotining hammuassisi bo‘lgan.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar