Daryo

O‘zbekiston jamoasi shaxmat bo‘yicha Jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi

Xitoyning Gonkong shahrida o‘tkazilgan jamoaviy FIDE World Rapid and Blitz Team Chess Championships 2026 musobaqasining blits yo‘nalishida O‘zbekiston terma jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

1 daqiqa o‘qish11 024 ko‘rishlar0 izoh12

Xitoyning Gonkong shahrida o‘tkazilgan jamoaviy FIDE World Rapid and Blitz Team Chess Championships 2026 musobaqasining blits yo‘nalishida O‘zbekiston terma jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

Joriy yilning 17–21-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan va dunyoning eng kuchli shaxmatchilarini jamlagan ushbu nufuzli musobaqada jami 53 ta jamoa g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Turnirda O‘zbekiston sharafini grossmeysterlar Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov hamda ayollar o'rtasida xalqaro grossmeysterlar Afruza Hamdamova va Umida Omonova, shuningdek, Oqjol Rahmatullayevlar himoya qildi.

Musobaqaning blits yo‘nalishi pley-off bosqichiga muvaffaqiyatli yo‘llanma olgan o‘zbekistonlik shaxmatchilar chorak finalda WR Chess jamoasini mag‘lubiyatga uchratdi. Yarim finalda esa Dragon Chilling jamoasiga imkoniyat boy berildi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan hal qiluvchi bahsda O‘zbekiston vakillari Hexamind Chess Team ustidan g‘alaba qozonib, bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Mazkur natija evaziga o‘zbekistonlik shaxmatchilar 30 ming yevro miqdoridagi pul mukofotini qo‘lga kiritdi. Ma'lumot uchun, turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 500 ming yevroni tashkil etib, shundan 310 ming yevro rapid, 190 ming yevro esa blits yo‘nalishlari uchun ajratilgan edi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar