Daryo

“Muomalaga yangi kupyura chiqarish yoki soʻm denominatsiyasi boʻyicha rejamiz yoʻq” — Timur Ishmetov

Markaziy bank raisi hozirgi kunda asosiy vazifa inflyatsiya targetiga erishishdan iboratligini ma’lum qildi.

1 daqiqa o‘qish51 200 ko‘rishlar0 izoh8

Oʻzbekistonda muomalaga yangi kupyura chiqarish yoki soʻm denominatsiyasi (nolsizlantirish) reja qilinmagan. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 28-yanvar kuni Toshkent shahrida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”

Timur Ishmetovning aytishicha, hozir bajarilishi kerak boʻlgan asosiy vazifa inflyatsiya targetiga erishishdan iborat.

“Yangi kupyura chiqarish yoki soʻm denominatsiyasi boʻyicha gʻoya ham mavjud emas. Avvalo, birlamchi masala hisoblangan inflyatsiyani hal qilib, keyinchalik bu haqda oʻylasak boʻladi. Lekin aholi va biznesni pul muomalasi boʻyicha bezovta qilayotgan masalalar soʻrovnomalar asosida oʻrganib borilmoqda. Bu shunchaki vaziyatni bilish uchun qilinyapti. Chunki maʼlum ishni muammodan kelib chiqib, rejalashtira boshlaymiz. Kupyuralar ishlab chiqarishda ham qaysi nominaldagi kupyura koʻproq, qaysi biri kamroq ishlatilayotgani aniqlanadi. Hozirda oʻrganishlar oʻtkaza boshladik. Chunki har bir qaror aniq tahlillarga asoslanishi kerak”, dedi regulyator rahbari.

Timur Ishmetov bozordagi ayrim oʻzgarishlar banknota nominallari strukturasiga taʼsir qilganini taʼkidladi.

“Misol uchun, Toshkentdagi jamoat transportida toʻlovlar naqd pulsiz shaklga oʻtkazildi. Bu pul muomalasiga sezilarli taʼsir qildi. Chunki jamoat transportida naqd pulda toʻlov qilish maʼlum bir banknotaga talabni shakllantiruvchi omillardan edi. Shu bitta oʻzgarish banknotaga boʻlgan talab strukturasini oʻzgartirishi mumkin. Shundan kelib chiqib, boshqa faktorlar paydo boʻldimi yoʻqmi, endi muntazam oʻrganib boramiz. Lekin yuqorida aytganimdek, hozircha hech qanaqa rejalar yoʻq”, dedi Markaziy bank raisi.

Avvalroq Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirgani xabar qilingandi.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar