Daryo

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Suriyani yirik hisobda mag‘lub etib, U-20 Osiyo Kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

Ushbu turnir 2027-yilning 24-martidan 10-apreliga qadar Xitoyda o‘tkaziladi. Osiyo Kubogida yarim finalga yetib borgan jamoalar esa 2027-yilgi FIFA U-20 Jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.

1 daqiqa o‘qish13 000 ko‘rishlar0 izoh0

2027-yili Xitoyda bo‘lib o‘tadigan yoshlar (U-20) o‘rtasidagi Osiyo Kubogi musobaqasining saralash bosqichi doirasida O‘zbekiston terma jamoasi o‘zining navbatdagi uchrashuvini o‘tkazdi.

B guruhidan o‘rin olgan navbatdagi bahsda Jamoliddin Rahmatullayev boshchiligidagi O‘zbekiston yoshlari Suriya terma jamoasiga qarshi maydonga tushib, 3:0 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Uchrashuvning 10-daqiqasidayoq Diyor Ermanov hisobni ochib, jamoasini oldinga olib chiqdi. Asosiy vaqt yakunlanib borayotgan bir pallada, aniqrog‘i 81-daqiqada Quvonchbek Abrayev ustunlikni ikkitaga oshirdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan 90+4-daqiqada esa Davron To‘laganov penaltidan unumli foydalanib, yakuniy hisobni o‘rnatdi.

Ushbu g‘alaba evaziga Jamoliddin Rahmatullayev shogirdlari 9 ochko to‘plagan holda o‘z guruhida 1-o‘rinni egalladi va Osiyo Kubogining asosiy bosqichiga yo‘llanmani naqd qildi.

Shuningdek, guruhda 6 ochko to‘plagan Hindiston yoshlar terma jamoasi ham 2-o‘rin egasi sifatida Xitoyda o‘tadigan Osiyo Kubogi yo‘llanmasiga ega chiqdi. Suriya (3 ochko) va Bangladesh (0 ochko) esa saralashdagi ishtirokini yakunladi.

Ushbu turnir 2027-yilning 24-martidan 10-apreliga qadar Xitoyda o‘tkaziladi. Osiyo Kubogida yarim finalga yetib borgan (kuchli to‘rtlik) jamoalar esa 2027-yilgi FIFA U-20 Jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi. Ahamiyatlisi, Ozarbayjon va O‘zbekiston hamkorligida o‘tkaziladigan ushbu kichik mundialga O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi mezbon sifatida avtomatik tarzda yo‘llanmani qo‘lga kiritib bo‘lgan.

U-20 Osiyo Kubogi-2027. Saralash turniri

O‘zbekiston — Suriya 3:0
Gollar:
1:0 — Diyor Ermanov (10), 2:0 — Quvonchbek Abrayev (81), 3:0 — Davron To‘laganov (90+4, penalti).

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar