Olimlar Tailandda bargi bo‘lmagan va o‘ziga xos tuzilishga ega yangi o‘simlik turini kashf etdi. Tashqi ko‘rinishi sababli unga Thismia daemona nomi berildi, bu esa shartli ravishda “iblis guli” deb tarjima qilinadi. Bu haqda “Layfxaker” nashri ma’lum qildi.
Mazkur o‘simlik Tismiya turkumiga kiradi. Bugungi kunda bu turkumning asosan tropik o‘rmonlarda uchraydigan 50 xildan kam turi fanga ma’lum. Bu o‘simliklar fotosintez jarayoni kuzatilmaydi, ularning bargi bo‘lmaydi va hayotining asosiy qismini yer ostida yoki to‘kilgan xazonlar ostida o‘tkazadi. Kerakli ozuqani esa yer ostidagi zamburug‘lar orqali oladi.
Yangi topilgan o‘simlik turi ushbu guruhga to‘liq mos keladi. Uning tashqi ko‘rinishi shoxsimon o‘simtalari bor to‘q qora rangli guldan iborat bo‘lib, ustida qizg‘ish-olovrang dog‘lari mavjud.
O‘simlik dengiz sathidan taxminan 1 000 metr balandlikda topilgan. Odatda bunday turlar doimiy nam bo‘lgan pasttekisliklarda o‘sishi sababli bu ular uchun xos bo‘lmagan muhitdir. Mazkur topilma olimlarning ushbu o‘simlik turi haqidagi tasavvurini kengaytirdi, zero u birinchi marta guruh uchun kutilmagan shimoliy hududda qayd etildi.
Hozirda Thismia daemona turining saqlanib qolishi bilan bog‘liq muammolar mavjud. Olimlar uning faqat bitta guruhini aniqlagan. U ham bo‘lsa futbol maydonidan ham kichikroq joydagi 50 tadan kam o‘simlikni tashkil qiladi. Shu sababli u yo‘qolib ketish xavfi ostidagi o‘simliklar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin. O‘simlik aniqlangan joy milliy bog‘ hududida ekani va u yerda sayyohlar ko‘p yurishi vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.








