Daryo

4 yoshda maktab, parta ustida uxlash, qayiqdagi dars: dunyoning turli mamlakatlarida bolalar qanday o‘qiydi?

Bolaga yaxshi ta’lim berish uchun aslida nima muhim — qat’iy intizommi, erkinlikmi, tarbiyami yoki amaliy bilim?

8 daqiqa o‘qish13 459 ko‘rishlar0 izoh0




Dunyoda ta’limning yagona va hamma uchun birdek mukammal modeli yo‘q. Bir mamlakatda bola muvaffaqiyat kalitini tinimsiz mehnat va yuqori natijada ko‘rsa, boshqasida uning mustaqilligi va ruhiy xotirjamligi birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Yana bir davlat esa maktabni nafaqat bilim beradigan, balki yaxshi insonni tarbiyalaydigan maskan deb hisoblaydi.

Bu farqlar bir savolni o‘rtaga chiqaradi: bolaga yaxshi ta’lim berish uchun aslida nima muhim — qat’iy intizommi, erkinlikmi, tarbiyami yoki amaliy bilim?

Xitoy: ta’lim eng muhimi

“Tirik ekanmiz – o‘rganamiz. O‘lgunimizcha o‘qiymiz” — xitoylik o‘quvchining shiorida mubolag‘a yo‘q. Xitoyda oliy o‘quv yurtiga kirish ijtimoiy zinapoyadan ko‘tarilish va qashshoqlikdan qutulishning deyarli yagona imkoniyati, abituriyentlar o‘rtasidagi raqobat esa nihoyatda yuqori. Ba’zi universitetlarda bir o‘ringa 200 nafargacha da’vogar to‘g‘ri kelishi mumkin. Shu sababli Xitoy maktablarida ertalabdan kechgacha qunt bilan o‘qish o‘ziga xos qadriyatga aylangan. O‘quvchi tongda, darslar boshlanishidan avval uyda mustaqil shug‘ullanadi, so‘ng maktabga boradi, 16:00 dan keyin esa qo‘shimcha mashg‘ulotlarga yo‘l oladi.

Kun davomida bolalarning har biri 40 daqiqadan iborat o‘rtacha 7 ta darsi bo‘ladi. Darslar orasida tushlik uchun bir soatlik tanaffus beriladi. Ayrim maktablarda bu vaqtda uxlashga ham ruxsat etiladi, chunki o‘quvchilar ko‘pincha katta yuklama tufayli tunda yaxshi uxlab ololmaydi. Tushlikdan keyingi yarim soatlik uyqu ham odat, ham fiziologik ehtiyojdir.

Китайские школьники носят с собой подушки, чтобы поспать в перерыве между уроками.

Maktab dasturini o‘zlashtirib, yuqori ball to‘plashga ulgurish uchun bolalar materialni chuqur tahlil qilishga e’tibor qaratmasdan, katta hajmlarda o‘rganadilar. Yodlash tanqidiy fikrlashni rivojlantirishni ko‘zda tutmaydi, biroq navbatdagi testni muvaffaqiyatli topshirish imkonini beradi. Xitoyliklarning hayotidagi asosiy imtihon — oliy o‘quv yurtiga kirishda topshiriladigan “gaokao” — ularning maktab dasturini qanchalik eslab qolgani va takrorlay olishini tekshiradi. Bu borada yod olish qobiliyati ayniqsa qo‘l keladi.

Fransiya: maktabga diniy libosda kelish mumkin emas

Книга-монумент свободе слова в память о зарезанном чеченцем французском учителе Самюэле Пати в пригороде Парижа

Fransuz jamiyatining Konstitutsiyada mustahkamlangan asosiy tamoyillaridan biri laïcité tushunchasi bo‘lib, u dunyoviylik (sekulyarizm) deya tarjima qilinadi. Bu tushunchaga ko‘ra, din va ijtimoiy hayot, ayniqsa, siyosat hech qanday tarzda bir-biriga aralashmasligi kerak. Bu dinga qarshilik emas — mamlakat aholisi istalgan dinga erkin e’tiqod qilishi mumkin. Lekin bu — din davlat ishlariga va jamoat tartibiga ta’sir o‘tkazmasligi kerak, degan bir necha asrlik e’tiqoddir. Masalan, 2011-yilda Fransiyada jamoat joylarida yuzni yopib yurish noqonuniy deb topildi. Bu qadam amalda musulmon ayollarning paranji yoki niqob kiyishini taqiqladi.

Shuningdek, Fransiyada maktablarda diniy libos kiyish man etilgan. Bu chora nafaqat abaya, kamis, kipa va hijob kiyishi mumkin bo‘lmagan musulmon erkak va ayollarga, balki boshqalarga ham taalluqlidir. Jumladan, sikxlarga maktabda salla o‘rash, yahudiylarga kippa kiyish, nasroniylarga esa xoch taqish taqiqlangan. Qonun 2004-yilda qabul qilingan bo‘lsa-da, haligacha bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda va maktablarda muntazam ravishda qoidabuzarliklar qayd etilmoqda.

Irlandiya: diniy kamsitishdan ko‘p konfessiyalilik sari

Fransiya va Irlandiya aholisining aksariyati katolik bo‘lgan mamlakatlar bo‘lsa-da, ularning maktablardagi dinga bo‘lgan munosabati bir-biridan tubdan farq qiladi. Irlandiyada boshlang‘ich maktablarning 93 foizi katolik maktablaridir. Yaqin vaqtgacha ular katolik bo‘lmagan o‘qituvchilarni ishga yollamaslik hamda boshqa din vakillari, ayniqsa, ateist bolalarni o‘quvchilar qatoriga qabul qilmaslik huquqiga ega edi. Ko‘plab ota-onalar farzandlariga ta’lim berish uchungina ularni cho‘qintirishgan. Irlandiya faqat 2018-yilga kelibgina katolik boshlang‘ich maktablarida diniy asosda saralashni bekor qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. 2022-yilga kelib, qayd etilgan cho‘qintirishlar sonida sezilarli pasayish kuzatildi.

BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi (CRC) ham Irlandiyani “barcha bolalarning o‘z dini yoki e’tiqodiga erkin amal qilish huquqini kafolatlashga” undab, mamlakatdagi diniy maktablarga o‘z diniga mansub bolalarga ustunlik berishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Ko‘p konfessiyali maktablar – Irlandiyadagi yangi turdagi ta’lim muassasalari bo‘lib, ularning maqsadi plyuralizmni ilgari surishdir. Hozircha respublikada 166 ta (5%) ko‘p konfessiyali boshlang‘ich maktab bor.

Bangladesh: qayiqdagi darslar

Дети учатся в плавучей школе в сезон наводнений.

Bangladesh hududining 70 foizi dengiz sathidan bir metrdan past balandlikda joylashgan. Mamlakat bir vaqtning o‘zida ham yomg‘irlar mavsumidagi suv toshqinlaridan, ham Himolaydan keladigan yog‘ingarchilikdan aziyat chekadi. Shu sababli har yili mamlakat umumiy maydonining beshdan bir qismini suv bosadi.

Toshqinlar vaqtida maktablar yopilishiga to‘g‘ri keladi, buning oqibatida millionlab bolalar ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Shu bois Bangladesh hukumati innovatsion yechimni joriy etishga majbur bo‘ldi: qayiqlarda maktablar tashkil etish. Ularning aksariyati quyosh batareyalarida ishlaydi. Bunday suzuvchi maktablar sharofati bilan bolalar odatda haftalab va oylab davom etadigan ekstremal ob-havo sharoitida ham o‘quv jarayonidan uzilib qolmaydi.

Maktab-qayiqlar o‘quvchilarni qirg‘oqbo‘yi qishloqlaridan olib ketadi, so‘nggi manzilga langar tashlab, bortda kichik guruhlarda dars o‘tadi. Mashg‘ulotlardan keyin qayiqlar o‘quvchilarni uylariga olib borib qo‘yadi va keyingi guruhlarni yig‘adi. Har bir bunday maktab 30 o‘quvchiga mo‘ljallangan sinfxona, internetga ulangan noutbuk va kutubxonaga ega bo‘lib, 4-sinfgacha bo‘lgan boshlang‘ich ta’limni ta’minlaydi.

Yaponiya: qanday qilib yaxshi inson bo‘lish mumkin?

Yapon maktabining asosiy maqsadi – munosib fuqaro yetishtirishdir. Ta’lim yo‘nalishi va o‘quvchining yoshidan qat’i nazar, har bir ta’lim dasturiga matematika va yapon tili kabi fanlar qatorida axloqiy tarbiya fani ham kiritilgan. Bu fan butun o‘quv jarayoni davomida o‘qitiladi. 1–2-sinflarda bolalarga odob-axloqning asosiy qoidalari o‘rgatilsa, 3–4-sinflarda bu dastur “Kundalik hayotda ijtimoiy xulq-atvor me’yorlariga rioya qilish” deb nomlanadi. 5–6-sinf o‘quvchilari jamiyatga qanday foyda keltirishni o‘rganadilar, o‘rta maktabda esa “Munosib hayot kechirish zarurligini anglash” nomli blok joriy etiladi. Yapon o‘qituvchilari orasida Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi tomonidan nashr etiladigan Dotoku kyoiku (“Axloqiy ta’lim”) jurnali ancha ommalashgan. Jurnalda axloqni o‘qitish bo‘yicha uslubiy ishlanmalar va tavsiyalar chop etib boriladi.

Yapon maktab o‘quvchilarining ongiga odobli inson fazilatlari singdiriladi hamda axloqning asosiy tamoyillari – hamdardlik, mehr-oqibat, iroda, bag‘rikenglik, adolat, o‘z madaniyatiga muhabbat va vatanga sadoqat o‘rgatiladi. Shu bilan birga, mehnatsevarlik, chidamlilik va ijtimoiy manfaatning hamma narsadan ustunligiga alohida urg‘u beriladi.

Niderlandiya: to‘rt yoshda birinchi sinfga

Школьники очень много времени проводят за компьютерами и в планшетах.

Niderlandiyada bolalar to‘rt yoshga to‘lgan kunida maktabga borishadi, shuning uchun yil davomida sinfga doimo yangi o‘quvchilar qo‘shilib turadi. Bunday yondashuvdan maqsad — barcha o‘quvchilar bir xil rivojlanish darajasiga yetib, darslarni boshlashini ta’minlashdir. To‘g‘ri, yoshi kattaroq o‘quvchilarda, deylik, yil oxirida tug‘ilganlarga qaraganda, sinfga ko‘nikish va do‘stlar orttirish uchun ko‘proq vaqt bo‘ladi. Shunga qaramay, gollandiyalik bola aynan to‘rtinchi tug‘ilgan kunida o‘zining birinchi sinfiga qadam qo‘yishi mumkin.

Besh yoshdan boshlab bolalar maktabga borishi shart bo‘lib qoladi. Va bu juda yoqimli majburiyat — UNICEF tadqiqotlariga ko‘ra, Niderlandiya Qirolligi o‘quvchilari dunyodagi eng baxtli bolalardir. Gollandiyalik o‘quvchilarning baxtli ekanliklari sababi shundaki, bu yerda bolalarning mustaqilligi va erkinligiga katta hurmat bilan qaraladi. Mamlakat maktab tizimi boshqa davlatlarnikiga qaraganda natijadorlikka kamroq yo‘naltirilgan: bolalarga tanlash imkoniyati beriladi, vaqtlarini o‘ynab, ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirib va o‘z ustuvorliklarini belgilab o‘tkazishlariga ruxsat etiladi. Ayni paytda Niderlandiyada bolalar yomon o‘qimaydi — mamlakat ta’lim darajasi bo‘yicha dunyoning yetakchi o‘nta davlati qatoriga kiradi.

Singapur: yosh va samarali maktab ta’limi tizimi

Singapur xalqaro ta’lim reytinglarida bir necha bor yetakchi o‘rinlarni egallagan. Muvaffaqiyat kalitlaridan biri — ta’limga o‘yin usulida yondashishdir.

Singapurlik bolalar sonlar bilan amallar bajarishdan oldin qog‘oz yoki doskada meva, shirinlik yoxud o‘quvchilar aks etgan suratlarni chizadi, chiziqli va blokli diagrammalar bilan ishlaydi. Har bir hisob-kitob, xoh u qo‘shish, bo‘lish yoki kasr bo‘lsin, matematik tilga o‘tkazilishidan avval aniq bir hayotiy misol orqali tushuntiriladi. Bolalar 6-sinfgacha nafaqat misol va tenglamalarni, balki hayotiy muammolarni ham tizimlashtirish va modellashtirishni o‘rganadi, chunki ular yoshligidanoq matematikaning amaliy ahamiyatini tushunib yetadi. O‘yin usullaridan boshqa fanlarda ham foydalaniladi: masalan, elektr energiyasi prinsiplarini yaxshiroq tushunish uchun o‘quvchilar robot yasaydi. Biroq ta’limning har bir bosqichi qat’iy testlar bilan birga olib boriladi va bu o‘quvchilarni PSLE (Primary School Leaving Examination) — boshlang‘ich maktabni bitirish imtihoniga bosqichma-bosqich tayyorlaydi.

O‘rta maktabda bolalar yana 4–5 yil, ya’ni taxminan 17 yoshgacha ta’lim oladi. Bu davrda ular 5 ta asosiy fanni (ingliz tili va qo‘shimcha til, matematika, bitta gumanitar va bitta tabiiy fan) chuqur o‘rganadi, shuningdek, 5 tadan 10 tagacha qo‘shimcha fan tanlaydi.

Singapurda baholar yuz ballik tizimda qo‘yiladi. Bu mamlakatda o‘qituvchilar o‘quvchilarning o‘zlashtirishini ochiq muhokama qilmaydi, shu sababli o‘quvchilar sinfdoshlarining baholarini bilmaydi.

Har semestr oxiridagi testlar natijalariga ko‘ra to‘plangan ballar report card (o‘zlashtirish tabeli) deb ataladigan hujjatga kiritib boriladi. Shuningdek, o‘qituvchi kundalikka o‘quvchi haqida qisqacha tavsifnoma yozadi. Masalan, u odamlar bilan yaxshi til topishadi, ingliz yoki xitoy tilida erkin so‘zlashadi, darslarda javob beradi, ammo matematikada qiyinchiliklari bor.

O‘zbekiston-chi?

O‘zbekiston ta’lim tizimining o‘ziga xos jihatlaridan biri — akademik bilim bilan bir qatorda tarbiyaga ham katta ahamiyat berilishidir. Maktablarda o‘quvchilarga nafaqat fanlarni o‘zlashtirish, balki Vatanga muhabbat, kattalarga hurmat, jamoada o‘zini tutish kabi qadriyatlar ham singdiriladi. Shu jihatdan O‘zbekiston maktablaridagi yondashuvni Yaponiyadagi axloqiy tarbiya an’analariga ma’lum darajada qiyoslash mumkin.

Biroq ta’lim tizimida muammolar ham yo‘q emas. Hududlar o‘rtasidagi ta’lim sifati tafovuti, ayrim maktablarda o‘quvchi va o‘qituvchilar sonining ko‘pligi, zamonaviy ta’lim metodlarini barcha hududlarda bir xil darajada joriy etish masalasi hamon dolzarb. Bundan tashqari, o‘quvchini faqat test va imtihon natijalariga qarab baholashdan ko‘ra, uning mustaqil fikrlashi, muammoni hal qila olishi, ijodkorligi va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish tobora muhimlashib bormoqda.

Dunyoning turli mamlakatlaridagi ta’lim tizimlariga nazar tashlar ekanmiz, ularning hech birini mutlaq ideal deb bo‘lmaydi. Har bir model jamiyatning ehtiyojlari, madaniyati va tarixiy sharoitidan kelib chiqqan. Shunga qaramay, ularning har biridan ta’lim sifatini oshirish uchun foydali jihatlarni topish mumkin.

Shunday ekan, O‘zbekiston uchun eng maqbul yo‘l boshqa bir davlatning ta’lim tizimini to‘liq ko‘chirib olish emas. Aksincha, turli mamlakatlarning eng samarali jihatlarini birlashtirish kerak: Xitoydan — intizom va mehnatsevarlikni, Yaponiyadan — tarbiyani, Niderlandiyadan — o‘quvchi mustaqilligini, Singapurdan — amaliy va tizimli fikrlashni, Bangladeshdan esa sharoitga moslashuvchanlikni o‘rganish mumkin.

Buning uchun esa ta’limda asosiy savolni o‘zgartirish kerak: “O‘quvchi qancha ma’lumot yod oldi?” emas, “U olgan bilimini qanchalik tushundi va hayotda qo‘llay oladi?” degan savol muhimroq bo‘lishi lozim.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar