Qozog‘istonning Jambil viloyatida 19 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Madina Rashid qizi o‘lik holda topildi. Ayol o‘limidan oldin eri bilan janjallashgani va turmush o‘rtog‘i unga nisbatan kuch ishlatgani aytilmoqda. Bu haqda Qumash xabar berdi.
Voqea Merke tumanida sodir bo‘lgan. Madina O‘zbekiston fuqarosi, uning eri esa Qozog‘iston fuqarosi hisoblanadi. Ular qariyb ikki yil birga yashagan va sakkiz oylik farzandni tarbiyalagan. Marhumaning dugonasining aytishicha, Madina eri bilan munosabatlari haqida unga bir necha bor gapirgan va turmush o‘rtog‘i tomonidan kaltaklanganini aytgan.
So‘nggi mojaro eri farzandiga olib kelgan “Barni” biskviti sabab yuzaga kelgan. Madina shirinlikni yeb qo‘ygani uchun eri unga qo‘l ko‘targan. Ertasi kuni Madina buyumlarini yig‘ib, ularning suratini dugonasiga yuborgan va uyidan ketmoqchi ekanini aytgan. Shuningdek, undan 15 ming tenge (taxminan 384 ming so‘m) so‘ragan. Biroq dugonasi o‘sha paytda pul topa olmagan. Shundan keyin ular o‘rtasidagi aloqa uzilgan. Keyinchalik Madinaning qaynonasi dugonasiga uning vafot etgani haqida xabar bergan.
Dugonasi Threads’dagi postlarida Madinaning o‘limi holatlari yuzasidan shubhalarini bildirgan. Uning aytishicha, marhumaning tanasida jarohatlar bo‘lgan. Biroq bu ma’lumotlar hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Politsiya hodisa yuzasidan o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetkazish moddasi bilan sudgacha tergov boshlagan. Huquq-tartibot idoralari voqeaning barcha tafsilotlari aniqlanayotganini bildirdi. Jambil viloyati politsiyasi tergov yakuniga qadar o‘lim sababi va aybdorlar haqida xulosa berilmasligini ta’kidladi.








