Janubiy Koreyada jazirama paytda piyodalarga ko‘chalarning soyali qismlari orqali eng qulay yo‘nalishlarni topishga yordam beradigan mobil ilova ommalashmoqda.
Geuneullo: Summer Routes for Walkers ilovasi belgilangan vaqtda quyoshning holati hamda bino va daraxtlardan tushadigan soyani hisoblab, eng “salqin” yo‘lni tavsiya qiladi. Shuningdek, foydalanuvchilar boshqa foydali ma’lumotlarni, jumladan, belgilangan manzilga yetib borishning taxminiy vaqti va yo‘nalishdagi soyali hududlar foizini ham olishadi.
Bundan tashqari, ilova harakat yo‘nalishidan kelib chiqib, avtobusdagi qaysi o‘rindiqlarga quyosh nuri kamroq tushishini va metro vagonining qaysi tomoni quyoshga teskari tarafda joylashganini ko‘rsatib bera oladi. Ilova nafaqat piyodalar, balki yugurish ixlosmandlari uchun ham soya, masofa va yo‘lning ma’lum bir qismidagi nishablik darajasi kabi omillarni inobatga olgan holda yo‘nalishlar taklif qilishi mumkin.
Mazkur ilovani Seul Milliy universitetining matematika va venchur biznesi yo‘nalishida tahsil oluvchi 23 yoshli Yu ismli talaba ishlab chiqqan. U Quyosh harakati, foydalanuvchining joylashuvi va kun vaqtini hisobga olgan holda soya joylarni aniqlash uchun OpenStreetMap ochiq xaritalash platformasi ma’lumotlaridan, shuningdek, binolar, yo‘l bo‘yidagi daraxtlar va jamoat transporti haqidagi shahar ma’lumotlaridan foydalangan.
Yuning so‘zlariga ko‘ra, bunday loyiha g‘oyasi u yozning jazirama issig‘ida ishga va o‘qishga qatnashdagi kundalik qiyinchiliklarga o‘zi duch kelganidan so‘ng paydo bo‘lgan.
Janubiy Koreya aholisi bir necha kundan buyon anomal jaziramadan aziyat chekmoqda. Mahalliy OAV suv bo‘yida, savdo markazlarida va konditsionerlar bilan jihozlangan boshqa jamoat joylarida salqin izlayotgan odamlar gavjum bo‘lgan videolarni tarqatmoqda. Favqulodda issiq ob-havo 20 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgani xabar qilinmoqda.








