Apple kompaniyasi iPhone 20 Pro Max uchun 6,96 dyuymli ekranni sinovdan o‘tkazmoqda. Xitoylik insayder Digital Chat Station’ning ma’lum qilishicha, u katta ehtimol bilan 7 dyuymli displey sifatida taqdim etiladi.
Ekran kattalashganiga qaramay, smartfon tomonlari nisbati 6,9 dyuymli ekranga ega iPhone 17 Pro Max bilan bir xil bo‘lib qoladi. Bu yangi qurilmaning o‘lchami deyarli o‘zgarmasligini ta’minlaydi.
Apple kompaniyasi iPhone 20 smartfonini uning 20 yilligi munosabati bilan 2027-yilda chiqarishni rejalashtirmoqda. Telefonlar iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max o‘lchamlariga yaqin bo‘lgan ikki xil hajmda ishlab chiqariladi. Premium modellar yanada ilg‘or texnologik jarayon asosida yaratilgan A21 chiplarga ega bo‘lishi mumkin. Shuningdek, kompaniya doimiy yetkazib beruvchisi bilan bir qatorda ishlab chiqarishning bir qismi uchun Intel xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
Yangi iPhone’ning asosiy xususiyati — to‘rtala tomonidan egilgan va orqa shisha qopqoq bilan birlashtirilgan, to‘liq romsiz AMOLED displey bo‘lishi kutilmoqda. Shu sababli smartfon qo‘lda “bir butun shisha parchasi”dek his etiladi.
Old kamera, Face ID datchiklari va boshqa qismlar to‘liqligicha ekran ostiga yashiriladi. Bunday yechim displey o‘lchamining korpusga nisbatini deyarli 100 foizga yetkazish imkonini beradi.
iPhone Air 2

Apple 2027-yil boshida o‘ta yupqa iPhone Air smartfonining ikkinchi avlodini chiqaradi. U o‘zidan avvalgisidan ancha takomillashtirilgan texnik ta’minoti, jumladan, kameralar tizimi bilan farqlanadi.
Taxminlarga ko‘ra, iPhone Air 2 birinchi avlod modelining asosiy dizayn yechimlarini saqlab qoladi. Shuningdek, unda o‘ta keng burchakli kamera paydo bo‘lishi kutilmoqda.
iPhone Air 2 qurilmasi iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max modellarida qo‘llaniladigan Apple A20 Pro chipsetiga ega bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Apple avtonom ishlash vaqtini uzaytirish ustida ishlamoqda. Biroq o‘zgarishlarga nima hisobiga erishilishi hozircha noma’lum.








