Fransiya va Italiya tadqiqotchilari sun’iy intellektdan foydalanish insonlarning axborotni tanqidiy baholash hamda o‘z bilimsizligini tan olish qobiliyatini susaytirishi mumkin, degan xulosaga keldi.
Odamlar “bilmayman” deyishni kamaytirdi
Tadqiqot mualliflari — Milan-Bikokka universiteti, Parijdagi Oliy normal maktab va Rimdagi Sapienza universiteti vakillari — sun’iy intellekt maslahatlarining foydalanuvchilar xatti-harakatiga qanday ta’sir qilishini o‘rgandi.
Inson uchun “bilmayman” deya olish o‘ta muhim, chunki bu o‘z bilimining chegaralarini anglashni bildiradi, deya ta’kidladi Milan-Bikokka universiteti dotsenti Valerio Kapraro.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt javoblarining osonligi bu qobiliyatga putur yetkazishi mumkin.
Tajribada ishtirokchilar ikki guruhga ajratildi: birinchi guruh savollarga sun’iy intellekt yordamisiz javob berdi, ikkinchisi esa undan maslahat so‘rashi mumkin edi. Savollar filmlardagi ko‘zga unchalik tashlanmaydigan, masalan, “Bekhemdek o‘yna” filmidagi forma rangi yoki “Rimga xush kelibsiz” kartinasidagi avtomobil turi kabi tafsilotlarga oid edi.
.jpg)
Natija kutilgandek bo‘ldi: sun’iy intellekt yordamisiz qatnashchilarning 44 foizi “bilmayman” variantini tanlagan bo‘lsa, algoritm maslahatlari bilan bu ko‘rsatkich atigi 3 foizni tashkil etdi.
Aniqlik pasaymoqda, o‘ziga ishonch esa ortmoqda
Kutilmaganda sun’iy intellektdan foydalanish javoblarning aniqligini ham yomonlashtirdi. Algoritm yordamisiz ishtirokchilarning 27 foizi to‘g‘ri javob bergan bo‘lsa, SI maslahatlari bilan bu ko‘rsatkich atigi 9 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, odamlarning o‘z haqligiga bo‘lgan ishonchi keskin oshgan. Agar sun’iy intellektsiz atigi 30% ishtirokchi o‘z javobini to‘g‘ri deb hisoblagan bo‘lsa, SI yordamida bu ko‘rsatkich 76% ga yetdi.

“Sodda qilib aytganda, odamlar yomonroq javob bera boshlaydi — aniqlik uch baravar pasayadi, biroq ayni paytda o‘zlariga bo‘lgan ishonchlari deyarli ikki baravar ortadi”, deya izoh berdi tadqiqotchi.
Olimlar buni SI “gallyutsinatsiyasi” hodisasi bilan bog‘lashmoqda — bunda modellar haqiqatga o‘xshash, lekin noto‘g‘ri javoblarni taqdim etadi. Shunga qaramay, foydalanuvchilar bunday maslahatlarga ishonishga moyil bo‘ladi.
Qo‘shimcha tajribada tadqiqotchilar ishtirokchilarning diqqatini oshirish maqsadida javoblar aniqligi uchun pul mukofotini joriy qildi. Bu qisman yordam berdi: “bilmayman” javobi ulushi 3 foizdan 8 foizga, to‘g‘ri javoblar ulushi esa 9 foizdan 16 foizga ko‘tarildi. Biroq ko‘rsatkichlar baribir sun’iy intellektdan foydalanmagan guruh darajasidan ancha pastligicha qoldi (mos ravishda 44% va 27%).








