AQSH va Eronga o‘t ochishni 10 kunga to‘xtatish taklif qilindi. Tashabbus Qatar, Misr, Pokiston va boshqa mintaqaviy vositachilar tomonidan bildirildi. Bu haqda manbalarga tayanib Axios xabar berdi.
Hozirda AQSH prezidenti Donald Trampning ma’muriyati bu taklifni o‘rganmoqda. Ular Isroilni diplomatiyani yo‘qqa chiqaradigan qadamlardan tiyilishga chaqirgan. Ammo Vashington bir vaqtning o‘zida muzokaralarning barbod bo‘lishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. AQSH harbiylari so‘nggi kunlarda mintaqaga o‘nlab qiruvchilar va yonilg‘i quyish samolyotlarini yuborib, yirik eskalatsiya uchun zarur bo‘lgan kuchlarni to‘pladi.
Isroil armiyasi ham yuqori shaylik holatida. Ular urushni keng ko‘lamli muvofiqlashtirilgan kampaniyagacha kengaytirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
AQSH va Eron 17-iyun kuni o‘t ochishni to‘xtatish va Hormuzni ochishni nazarda tutuvchi memorandumni imzolagan edi. Tramp 8-iyul kuni Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi tugagani, sababi Tehron Hormuz bo‘g‘ozidagi tijorat kemalariga hujum qilayotganini aytdi. U Eron yetakchilarini “jahldor, kasal odamlar” deb atadi, ular bilan ishlash “vaqtni behuda sarflash” ekanini aytdi.
Shu kuni kechqurun Tramp buyrug‘i bilan Eronga yangi zarbalar yo‘llandi va bu harakatlar davom etmoqda. 13-iyul kuni Tramp Eronga qarshi harbiy harakatlar qayta tiklangani haqida Kongressni rasman xabardor qilgan.
Qayta tiklangan janglar oqibatida Iordaniyada uch nafar AQSH harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi. Tramp 20-iyul kuni Pentagonga har bir amerikalik o‘limi uchun Eronni “bir necha barobar” javobgarlikka tortishni buyurganini aytdi. Dam olish kunlari Eron savdo kemalari va Ko‘rfaz infratuzilmasiga zarba berildi. Oqibatda Brent markali neft narxi bir barrel uchun 90 dollardan ko‘tarildi.








