Anjelina Joli Afrikada bo‘lib, u yerdagi “Imboni” qishloq xo‘jaligi kooperativi ayollari bilan uchrashdi. Ularning aksariyati 1994-yilda tutsilarga qarshi sodir etilgan genotsidni boshdan kechirgan.
1994-yilda Afrikaning Ruanda davlatida ommaviy qirg‘in sodir bo‘lgan. Unda asosan tutsi etnik guruhiga mansub aholi va ularni himoya qilgan hutular nishonga olingan. Taxminan 100 kun (1994-yil 7-apreldan iyul o‘rtalarigacha) davom etgan qirg‘inlarda 800 mingdan 1 milliongacha odam o‘ldirilgan.

Aktrisa kooperativ a’zolarining faoliyati bilan tanishdi hamda kun so‘ngida ular bilan vaqt o‘tkazdi. Jolining aytishicha, bu ayollarning hayot hikoyasi uning uchun ilhom manbayiga aylangan.
Uning ta’kidlashicha, genotsiddan so‘ng ko‘plab ruandalik ayollar hayotini mustaqil tiklashga va oilasini ta’minlashga majbur bo‘lgan. Ular bir muncha vaqt ijaraga olingan botqoqli yerlarni ishlab, kuniga bir dollardan kamroq daromad topgan, hosil esa ko‘pincha kuchli yomg‘irlar tufayli nobud bo‘lgan.

Aktrisa, shuningdek, kooperativ a’zolarining besh yil ichida o‘z hayotlarini o‘zgartira olganini, yollanma ishchilikdan yer egaligigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tganini, daromadlarini besh barobar oshirganini hamda 90 nafardan ortiq farzandi o‘qishga qaytishga muvaffaq bo‘lganini alohida ta’kidladi.








