Afg‘oniston shimoli-sharqidagi Badaxshon viloyatida qurolli guruh Yaftali Payin tumani nazoratini vaqtincha qo‘lga oldi. “Tolibon” bu ma’lumotni tasdiqladi. Bu “Tolibon” 2021-yil hokimiyatni qo‘lga kiritganidan buyon muxolif guruhlar tuman markazini egallashga muvaffaq bo‘lgan birinchi holat bo‘ldi. Bu haqda Kabul Now nashri xabar berdi.
Badaxshondagi “Tolibon” politsiya boshqarmasi matbuot kotibi Ehsonulloh Kamgarning mahalliy ommaviy axborot vositalariga aytishicha, hujum 17-iyul kuni tunda sodir bo‘lgan. O‘sha vaqtda “Tolibon”ning mahalliy rasmiylari uchun dam olish kuni bo‘lgan. Kotib hujumchilarni “mas’uliyatsiz shaxslar” deb atadi. Uning bildirishicha, “Tolibon” kuchlari yetib kelgach, qurolli guruh hududni tark etgan.
Avvalroq mahalliy manbalar yangi tuzilgan qurolli muxolif guruh Yaftali Payin tumaniga kutilmaganda hujum qilgani haqida xabar bergandi. O‘zini “Sepahiani Mihan” (“Vatan askarlari”) deb ataydigan ushbu guruh tuman ma’muriyati qarorgohi, politsiya boshqarmasi va “Tolibon” razvedka idoralarini nishonga olgan.
Manbalarga ko‘ra, guruh tuman markazini bir necha soat davomida nazorat ostida ushlab turishga muvaffaq bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va fotosuratlarda tuman ma’muriyati binosida “Tolibon” bayrog‘i o‘rniga ko‘k rangli bayroq hilpirayotganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, kadrlarda otishma va to‘qnashuv ovozlari eshitilgan.
Vaziyatdan xabardor manbaning aniqlik kiritishicha, guruhga Abdul Qayum Malang qo‘mondonlik qilmoqda. U Afg‘onistonning g‘arbga xayrixoh sobiq hukumati davrida maxsus kuchlar tarkibida xizmat qilgan.
“Tolibon” munosabati
Hujumdan so‘ng “Tolibon” armiyasi bosh shtabi rahbari Fasihuddin Fitrat vaziyatni baholash uchun Yaftali Payinga bordi. U tuman politsiya boshqarmasida jurnalistlar bilan gaplashdi. Fitrat hujumchilarni “tizimga qarshi turishni istagan buzg‘unchilar” deb atadi va ular o‘z maqsadlariga erisha olmaganini aytdi.
Fitratning so‘zlariga ko‘ra, hodisaga aloqador bo‘lganlarning aksariyati hibsga olingan. “Tolibon” kuchlari qolgan shaxslarni qidirishda davom etmoqda. Biroq “Tolibon” qo‘lga olinganlarning shaxsini ochiqlamadi.
Yangi guruh bayonoti
“Sepahiani Mihan” guruhi o‘z nomidagi Facebook sahifasida bayonot berdi. Guruh Yaftali Payin, Kishm va Yavan tumanlariga muvofiqlashtirilgan hujumlar uyushtirganini da’vo qildi. Bayonotda aytilishicha, jangchilar Yaftali Payin markazini vaqtincha egallab, “Tolibon”ning bir necha a’zosini asirga olgan, shuningdek, qurol va texnikalarni qo‘lga kiritgan.
Bu guruh haqida jamoatchilikda ma’lumotlar juda kam. Nashrning yozishicha, guruh yaqinda tashkil etilgan qurolli harakatdir. 17-iyul kungi operatsiya guruh o‘z zimmasiga olgan birinchi harbiy harakat bo‘ldi.
Badaxshondagi vaziyat
Bu voqea Tojikiston, Xitoy va Pokiston bilan chegaradosh tog‘li viloyat — Badaxshonda yuz berdi. Bu hudud so‘nggi yillarda Afg‘onistonning eng beqaror hududlaridan biriga aylangan. Viloyatda “Tolibon”ga qarshi guruhlarning vaqti-vaqti bilan uyushtiradigan hujumlaridan tashqari, mahalliy tartibsizliklar ham bo‘lib turadi. Shuningdek, “Tolibon” qo‘mondonlari o‘rtasida kelishmovchiliklar bor. Konlar va narkotik savdosi kabi daromad manbalarini nazorat qilish uchun tez-tez mojarolar ro‘y beradi.
“Tolibon” har qanday uyushgan qurolli muxolifat uning hokimiyatiga jiddiy xavf tug‘dira olishini rad etib keladi. Shunga qaramay, mamlakatning turli qismlarida “Milliy qarshilik fronti” va “Afg‘oniston ozodlik fronti” kabi bir qancha guruhlar “Tolibon” kuchlariga qarshi partizanlik hujumlarini davom ettirmoqda.
Avvalroq “Tolibon” yetakchisi to‘rtta sohada soliq imtiyozi e’lon qilgani haqida xabar berilgandi.








