Vital Signals startapi klassik tanometr kabi aniqlikda qon bosimini o‘lchay oladigan Signal Ring aqlli uzugini taqdim etdi. Ixcham gadjetlardagi “inqilobiy” bosim o‘lchagichlar haqidagi bayonotlar tez-tez yangrab tursa-da, kamdan-kam hollarda jiddiy dalillar bilan tasdiqlanadi. Biroq Signal Ring bilan bog‘liq vaziyat boshqacha: nufuzli Bloomberg nashri ushbu qurilmaga katta maqola bag‘ishladi.
Kompaniya Signal Ring uchun 399 dollar narxida oldindan buyurtmalar qabul qilishni boshladi, ilk yetkazib berish esa oktyabr oyiga rejalashtirilgan. Qurilma, birinchi navbatda, gipertoniya tashxisi qo‘yilgan yoki uning rivojlanish xavfi yuqori bo‘lgan kishilarga mo‘ljallangan. Uzuk qon bosimi ko‘rsatkichlaridan tashqari, pulsni ham kuzatib boradi hamda uyqu monitoringining asosiy funksiyalarini taklif qiladi.
Vital Signals asoschisi va bosh direktori Tom Mossning aytishicha, loyiha g‘oyasi uning o‘zi tashxis qo‘yilmagan gipertoniya tufayli deyarli o‘lim yoqasidan qolganidan so‘ng paydo bo‘lgan.
Signal Ring’ning asosiy xususiyati shundaki, uzuk arterial qon bosimining haqiqiy qiymatlarini oddiy tonometr yordamida hech qanday kalibrovkasiz ko‘rsata oladi. Bugungi kunda yirik ishlab chiqaruvchilarning birorta ham mashhur qurilmasi bunga qodir emas. Masalan, Apple Watch faqat gipertoniyaning ehtimoliy belgilari haqida ogohlantira oladi, ammo aniq ko‘rsatkichlarni aks ettirmaydi. Samsung va Whoop qurilmalari esa bosim qiymatlarini ko‘rsatsa-da, buning uchun klassik manjet yordamida dastlabki va muntazam kalibrovka qilishni talab etadi.
Shuningdek, ishlab chiquvchilar uzukning tibbiy variantini ham tayyorlamoqda. U nafaqat qon bosimini o‘lchabgina qolmay, balki gipertoniyaga tashxis qo‘yib, foydalanuvchini xavfli o‘zgarishlardan ogohlantira oladi. Ayni paytda ushbu modifikatsiya to‘rtta tibbiyot markazida, jumladan, Stenford universitetida klinik sinovlardan o‘tkazilmoqda. Uning bozorga chiqish sanasi hozircha ma’lum qilinmagan.
Kompaniya hammuassisi Muhammad Usmonning so‘zlariga ko‘ra, qurilma algoritmlari minglab ishtirokchilarda sinab ko‘rilgan. Turli yosh, tana tuzilishi va fiziologik xususiyatlarga ega odamlar uchun bir xil aniqlikni ta’minlash eng qiyin vazifalardan biri bo‘lgan.
Signal Ring kun davomida va tunda ma’lumotlarni avtomatik tarzda to‘playdi, bu esa uyqudagi qon bosimi o‘zgarishlarini kuzatish imkonini beradi — bu ko‘rsatkich insult yoki infarkt xavfini baholash uchun muhimdir. Barcha o‘lchovlar iOS va Android uchun mo‘ljallangan maxsus ilovada aks ettiriladi, ma’lumotlarni esa Apple Health va Google Health bilan sinxronlashtirish mumkin.
Eng aniq natijalarni olish uchun foydalanuvchi bir necha daqiqa tinch o‘tirishi tavsiya etiladi. Ilovada nafas olish mashqlari bor. Agar foydalanuvchi harakatlansa yoki gapirsa, ko‘rsatkichlar buzilmasligi uchun jarayon avtomatik tarzda to‘xtatiladi.
Jurnalistlar uchun namoyish vaqtida ba’zi o‘lchovlar noaniq chiqdi. Mossning so‘zlariga ko‘ra, bunga, ehtimol, uzukning noto‘g‘ri taqilgani sabab bo‘lgan. Kompaniya xaridorlarga yuborishdan oldin mos o‘lchamni tanlash uchun maxsus to‘plam jo‘natadi. Qurilmaning avtonomligi hozirda taxminan to‘rt kunni tashkil etadi, biroq sotuvlar boshlanguniga qadar bu ko‘rsatkichni yanada yaxshilash rejalashtirilmoqda.
Signal Ring hozircha AQSH Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasidan (FDA) ruxsat olgani yo‘q. Shu sababli uning iste’molchilar uchun mo‘ljallangan versiyasi tibbiy tashxis vositasi emas, balki salomatlikni kuzatish vositasi sifatida taqdim etilmoqda.
Bozor yetakchisi Ouradan farqli o‘laroq, Vital Signals pulli obuna joriy etishni rejalashtirmayapti.
“Barcha investorlar va kompaniyalar menga obunaning yo‘qligi ahmoqona g‘oya ekanini va bundan afsuslanishimni aytishdi. Ammo oddiy tonometr obunani talab qilmas ekan, mening uzugim ham talab qilmaydi”, deydi Tom Moss
Kompaniya Oura yoki boshqa mashhur fitnes-trekerlarni darhol bozordan siqib chiqarishni kutmayotganini tan oladi. Biroq ishlab chiquvchilarning fikricha, ularning texnologiyasi vaqt o‘tishi bilan boshqa qurilmalarda, masalan, simsiz quloqchinlar yoki aqlli ko‘zoynaklarda ham paydo bo‘lishi mumkin.








