Global isish inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bloomberg’ning xabar berishicha, tungi haroratning oshishi sababli odamlar yaxshi uxlay olmaydi.
Amerikaning Climate Central notijorat kommunikatsiya tashkiloti tadqiqot o‘tkazdi. Unda bir yarim mingga yaqin yirik shahar tahlil qilindi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni, Ummon va Birlashgan Arab Amirliklari aholisi jaziramadan eng ko‘p qiynaladi. 2020-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda ular tungi jazirama tufayli yiliga 55 soatdan 87 soatgacha uyqudan qolgan. Bu yo‘qotilgan soatlarning taxminan 16 tasi bevosita global isish bilan bog‘liq.
G‘arbiy Afrikada odamlar yiliga 10 soatdan 11 soatgacha, Janubi-Sharqiy Osiyoda esa 8 soatdan 9 soatgacha kam uxlagan.

“Bir kecha-kunduzda 7 soatdan kam uxlash immunitet faoliyati va ish qobiliyatining buzilishi, shuningdek, xatolar, og‘riqlar va baxtsiz hodisalar sonining ko‘payishi bilan bog‘liq”, deyiladi Iqlim va salomatlik bo‘yicha global alyans raisi Kortni Hovardning bayonotida.
Xalqaro mehnat tashkiloti prognozlariga ko‘ra, 2030-yilga kelib odamlarning mehnat samaradorligi pasayadi. Yo‘qotilgan ish vaqti dunyo bo‘yicha 80 millionta ish o‘rnining qisqarishiga teng bo‘ladi.








