Daryo

Tramp urushni qayta tikladi: AQSH Eron portlariga zarba berdi

AQSH prezidenti Kongressni harbiy harakatlar tiklanganidan xabardor qildi. Tramp Eron bilan imzolangan memorandum “boshidanoq sinov bo‘lgani”ni aytdi.

2 daqiqa o‘qish6 284 ko‘rishlar0 izoh3

AQSH 13-iyul kuni kechqurun Eronga havo hujumlarini amalga oshirdi. Bandar Abbos va Konarak portlari, shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozidagi Larak orolida portlash ovozlari eshitildi. Bu haqda Tasnim xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Konarakda to‘rtta, Bandar Abbosda esa kamida ikkita kuchli portlash qayd etilgan. Chobahor port shahri aholisi ham portlash ovozlarini eshitganini aytmoqda. Mazkur hujumlar fonida Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) Hormuz bo‘g‘ozida “qoidalarni buzgan bir nechta kemalarni” o‘qqa tutgan.

Tramp Kongressni Eronga qarshi urush tiklanganidan ogohlantirdi

AQSH prezidenti Donald Tramp Kongressni Eronga qarshi harbiy harakatlar qayta tiklangani haqida rasman xabardor qilgan. Bildirishnoma 10-iyul sanasi bilan yozilgan bo‘lsa-da, The New York Times gazetasi uni 13-iyulda qo‘lga kiritgan.

“Kongress prezidentga urushni to‘xtatish yoki uni davom ettirish uchun ruxsat so‘rashni topshirgan, biroq Tramp bunday qarorni qabul qilishda mutloq huquqqa ega ekanini taʼkidlamoqda”, deb yozadi NYT.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi 12-iyul kuni Amerika kuchlari Eronga qarshi harbiy operatsiyada birinchi marta dengiz dronlaridan foydalanganini ma’lum qildi. Jumladan, uchta Corsair apparati Bandar Abbos harbiy-dengiz bazasidagi suvosti kemalariga xizmat ko‘rsatish zavodiga zarba bergan.

Hormuz qayta blokada qilinadi, AQSH Eronga “kuchli zarba” berishga tayyorlanmoqda

Tramp Eronning Hormuz bo‘g‘ozidagi portlari AQSH tomonidan qayta blokada qilinishini ta’kidladi. U faqat to‘lov evaziga Eronga aloqador kemalar bo‘g‘oz orqali o‘tishi mumkinligini aytgan.

“Shu daqiqadan boshlab AQSH Hormuz bo‘g‘ozining qo‘riqchisi sifatida tanilgan bo‘ladi, biroq tovon sifatida va adolat yuzasidan ushbu o‘ta beqaror mintaqa xavfsizligini ta’minlashda xarajatlarni qoplash uchun AQSH jo‘natilayotgan barcha yuklar qiymatining 20 foizini o‘ziga oladi”, dedi u.

Shuningdek, AQSH prezidenti Eron 13-14-iyul kunlari jiddiy zarar ko‘rishidan ogohlantirdi. U bu haqda radioeshittirish boshlovchisi Hyu Hyuitt bilan jonli efirda ma’lum qildi. 

“Bugun kechqurun ularga juda qattiq zarba beramiz, ertaga ham ularga qattiq zarba beramiz. Va ular bunga qarshi hech narsa qila olmaydi”, dedi u.

Tramp AQSH Eronning Pikaks tog‘ini (Pickaxe Mountain) yo‘q qilmoqchi ekanini aytib, eronliklarni tayyor turishga chaqirdi.

“Biz Pikaks tog‘ini diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz. U yerda hech qanday faollikni ko‘rmayapmiz. Ularda yadroviy vaziyat bilan bog‘liq ishlar u qadar yaxshi emas. Har safar bu haqda eshitganimizda, biz uni portlatib yuboramiz. Shuning uchun ular bu haqda gapirishni yoqtirishmaydi. Ammo biz, ehtimol, yaqin orada Pikaksga imkoniyat beramiz”, dedi u.

Trampdan AQSH va Eron o‘rtasida imzolangan o‘zaro o‘t ochishni nazarda tutuvchi anglashuv memorandumi haqida so‘rashdi. Bu savolga Amerika yetakchisi hujjat boshidanoq sinov bo‘lgani va Tehron oxir-oqibat undan o‘ta olmaganini aytdi.

“U sinov uchun yaratilgan. Quloq soling, ahmoqlar bilan ishlayotganingizda o‘zaro anglashuv memorandumi ko‘p narsani anglatmaydi. Yaxshi odamlar bilan ishlayotganingizda ham u ko‘p narsani anglatmaydi, chunki bu shunchaki o‘zaro anglashuv memorandumi, xolos. U katta ahamiyatga ega emas. Nega bunday qilyapmiz, bilasizmi? AQSHda bu standart taktika — avval o‘zaro anglashuv memorandumini tuzish, keyin esa kelishuvga o‘tish”, deya xulosa qildi Tramp.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar