Daryo

Rostdan ham ularmi? Turk kinosi yulduzlari karyerasi boshida qanday ko‘rinishda bo‘lgan?

Kinodagi faoliyatini boshlagan paytlarida ular san’at sohasida ilk qadamlarini qo‘yayotgan, hech kimga tanish bo‘lmagan debyutantlar edi.

4 daqiqa o‘qish30 828 ko‘rishlar0 izoh30

Hozir ular birinchi darajali yulduzlar bo‘lib, hayotini muxlislar va jurnalistlar sinchkovlik bilan kuzatib borishadi. Kinodagi faoliyatini boshlagan paytlarida esa ular san’at sohasida ilk qadamlarini qo‘yayotgan, hech kimga tanish bo‘lmagan debyutantlar edi. Keling, yillar davomida aktyorlar qanday o‘zgarganini ko‘rib chiqamiz.

Xalit Ergench

“Muhtasham yuz yil” seriali tufayli butun dunyo bo‘ylab millionlab tomoshabinlarning ko‘nglini zabt etgan mashhur aktyor Xalit Ergench aktyorlik faoliyatini to‘qsoninchi yillarda boshlagan. U o‘ziga xos uslubini: kalta soch turmagi va soqol-mo‘ylov — va u hali ham rol uchun tashqi ko‘rinishini deyarli o‘zgartirmaydi. Ammo bundan o‘ttiz yil oldin, Xalit aktyorlik faoliyatini endigina boshlaganida, u “Gulshenning akasi” komedik serialida bugungi kun uchun mutlaqo noodatiy qiyofada — soqoli olingan va uzun sochlar bilan ko‘rinish bergan.

Jan Yaman

Ochig‘ini aytganda, Jan Yamanning kelishgan yuz-tuzilishini hatto bolalikdagi suratlari ham buza olmaydi. Ammo bugungi kunda ko‘pchilikning sevimlisi va kelishgan yigit timsoliga aylangan aktyorning yillar davomida qanday qilib yanada “salobatli va jiddiy” qiyofa kasb etganini kuzatish juda qiziq. Hozir u baquvvat gavdali, o‘tkir nigohli va jiddiy yigit. Ammo o‘ninchi yillarning o‘rtalarida, ayniqsa o‘zining debyut loyihasi bo‘lmish “Qalb ishlari” serialida u juda sodda va yoqimtoy yigitcha bo‘lgan.

Burak O‘zchivit

Kelishgan Burak Ozchivit allaqachon millionlab muxlisalar qalbini zabt etib ulgurgan. Ayniqsa, u bosh rollarni ijro etgan “Choliqushi”, “Sevgi iztirobi” kabi seriallar ekran yuzini ko‘rgach, aktyorning jozibasi va iqtidoriga hatto eng ashaddiy shubha bilan qarovchilar ham tan berdi. Aslida u yoshligida ham juda kelishgan bo‘lgan. Faqat o‘shanda hozirgiga qaraganda biroz ozg‘inroq bo‘lgan, yuz-tuzilishi va xarizmasida esa bugungi salobat yetishmagan, xolos.

Akin Akinozyu

Faoliyatining boshlarida Akin Akinozyu “Beqaror” serialidagi qasoskor Miran yoki “Merosxo‘r”dagi salobatli Temurga emas, ko‘proq Robert Pattinsonning turkcha nusxasiga o‘xshardi. Ammo yillar va orttirilgan tajriba o‘z so‘zini aytdi — ular Akinni bugungi kunda mashhur va talabgir aktyorga aylantirdi.

Meryem Uzerli

Butun dunyodagi millionlab muxlislar Meryem Uzerlini “Muhtasham yuz yil”dagi roli orqali tanishgan. U o‘z aktyorlik yo‘lini 2008-yilda suratga olingan “Uch kishi” filmidan boshlagan. O‘shanda Meryem shirin ovozli, do‘mboqqina va juda sodda qizaloqni eslatardi. Keyinchalik esa unda onasidan o‘tgan nemischa qatʼiyat va matonat uyg‘ondi, bu esa Uzerliga o‘z ampluasini kengaytirib, bir-biridan tubdan farq qiluvchi rang-barang rollarni ijro etish imkonini berdi.

Demet O‘zdemir

Demet O‘zdemir aktyorlik faoliyatini 2013-yilda “Senga bir sir aytaman” debyut seriali bilan boshlagan. Uning filmografiyasidan butun dunyoga mashhur va Demetning o‘zi betakror qiyofada namoyon bo‘lgan ko‘plab seriallar (“Qulupnay hidi”, “Kurt Seit va Aleksandra”, “Ashraf va Ro‘yo”) o‘rin olgan. Eʼtiborlisi shundaki, O‘zdemir faoliyatidagi rollarning aksariyati bosh rollardir. Yillar o‘tishi bilan uning ko‘zlaridagi soddalik o‘rnini ishonch va biroz ayyorlik egalladi.

Hande Erchel

Hande Erchel ekrandagi ilk ko‘rinishini 2013-yilda “Tatar Ramazon” serialida amalga oshirgan. Rol kichik bo‘lsa-da, prodyuserlar eʼtiborini tortish uchun yetarli edi. Keyinchalik uning faoliyatida “Choliqushi”, “Gunesh qizlari” va butun dunyoga mashhur bo‘lgan “Qalbim eshigini qoq” kabi ko‘plab boshqa yirik loyihalar paydo bo‘ldi. Bugungi kunga kelib, Erchelning o‘zi ham o‘sha paytdagi yosh, maʼsum yuzli, qo‘rqoq va jim yig‘laydigan qizaloq emas, balki katta tajribaga ega, o‘ziga ishongan aktrisadir.

Fahriya Evjen

Faxriye Evjenning filmografiyasi 2005-yilda suratga olingan “Hech qachon unutma” serialidan boshlanadi. O‘shandayoq qizning isteʼdodi shubhasiz edi: u kadrda o‘zini tug‘ma sanʼatkorlardek erkin va ishonchli tutardi. Oradan yigirma yil o‘tgan bo‘lsa-da, deyarli hech narsa o‘zgarmadi. Faqat uning ijodiy xazinasiga yana o‘ndan ortiq rollar qo‘shildi, Evjenning o‘zi esa yoshgina sohibjamoldan o‘rta yoshdagi go‘zal va jozibali ayolga aylandi.

Neslihan Atagul

Neslihan Atagulning aktyorlik faoliyati 2006-yilda, u hali yosh qizaloq bo‘lgan kezlarda “Ilk sevgi” filmidan boshlangan. O‘zining navbatdagi roliga esa Neslihan 2008-yildayoq (“Xazonrezgi” serialida) kirishdi va shundan buyon uning filmografiyasi muntazam ravishda boyib bordi. Vaqt o‘tishi bilan Atagul sodda yosh qizchadan o‘ziga ishongan ulg‘aygan ayolga aylandi. Ayrim tomoshabinlar aktrisaning yuz ifodasi har doim bir xil va his-tuyg‘ular kamroq aks etadi deb hisoblasalar, boshqalar uni Turkiyaning haqiqiy boyligi deb bilishadi. 

Berguzar Korel

Xalit Ergenchning rafiqasi Berguzar Korel kinodagi faoliyatini 2005-yilda “Zaytun novdasi” seriali bilan boshlagan. Bugungi kunda ham Berguzar ajoyib ko‘rinishga ega va biror narsa yoqmasa, hamon lablarini burishtirib oladi. U o‘z isteʼdodining rang-barang qirralarini namoyon etgan holda kinoda suratga tushishda davom etmoqda. 

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar