AQSH prezidenti Donald Trampning buyrug‘i bilan 13-iyulga o‘tar kechasi Eronga zarbalar berildi. Bu haqda AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) xabar berdi.
Hujumdan maqsad Eronning Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan dengizchilar va tijorat kemalariga hujum qilish qobiliyatini susaytirish hisoblanadi.
“Oliy bosh qo‘mondon Eron rejimini jilovlash uchun bu zarbalarni amalga oshirishga buyruq berdi”, deyiladi CENTCOM xabarida.
Hujum oqibatida Bandar Abbos porti, Sirik shahri, Qeshm oroli, Busher viloyati, shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozi hududidagi Jask shahrida portlashlar qayd etilgan. Hukumatga qarashli Mehr axborot agentligi Qeshm orolida bir kishi halok bo‘lgani va ikki kishi yaralangani haqida xabar berdi.
Eron AQSHning 11-iyul kuni amalga oshirgan hujumlari tufayli Hormuzni yopib qo‘ygan. Biroq CENTCOM va Trampning o‘zi bu ma’lumotni rad etmoqda.
“Eron bo‘g‘ozni nazorat qilmaydi. Kemalar qatnovi davom etmoqda”, deyiladi AQSH Markaziy qo‘mondonligi bayonotida.
AQSH zarbalariga javoban Eron qo‘shni davlatlarga hujum qildi
Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) AQSHning Iordaniyadagi aviabazasiga raketa va dronlardan foydalangan holda muvaffaqiyatli zarbalar berganini ma’lum qildi. Bahrayndagi bir qator obyektlar, jumladan, Amerika harbiylarining operatsiyalarini boshqarish va nazorat qilish markazi zarar ko‘rdi. Iordaniyadagi shahzoda Hasan aviabazasida bir nechta yirik raketa omborlari va yonilg‘i baklari yondi.
“IIQK vertolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha muhim markazlarni, P-8 radioelektron jangovar samolyotlari uchun angarlarni va dronlardan foydalanib AQSH harbiylarining Shayx Isadagi bazasidagi operatsiyalarni boshqarish va nazorat qilish markazini yo‘q qildi”, deyiladi xabarda.
AQSH 12-iyulga o‘tar kechasi ham Erondagi 140 ga yaqin harbiy obyektga, jumladan, raketa va dron omborlari hamda aloqa markazlariga zarba bergandi. Bu Eronning Hormuz bo‘g‘ozidagi GFS Galaxy konteyner kemasiga o‘t ochganiga javob bo‘lgan. Eron tomoni mazkur kema tasdiqlangan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanmagani uchun “ogohlantiruvchi o‘qlar” uzilganini bildirgan.
O‘shanda AQSH zarbalaridan so‘ng Eron Fors ko‘rfazi davlatlari va Iordaniyaga hujum qildi. AQSHning Qatardagi Al Udeyd aviabazasi, shuningdek, Amerika aviatashuvchi kemalari foydalanadigan Ummondagi Dukm porti ham hujumga uchradi.








