Qozog‘istonning ikki palatali parlamenti 30-iyun kuni o‘z ishini rasman yakunladi. Poytaxt Ostona shahrida Senat va Majlisning so‘nggi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda mamlakat prezidenti ham ishtirok etdi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 30 yil davomida Senat va Majlis mamlakat rivojini belgilab bergan qarorlarni qabul qilgan. Deputatlar shu vaqtgacha 3500 dan ortiq qonunni ma’qullagan. Shundan 300 dan ziyodi aynan oxirgi uch yilda qabul qilingan.
Qosim Jo‘mart To‘qayev deputatlarning 8-chaqiriq ishi bo‘yicha yakuniy fikrlarini bildirdi. Shuningdek, u yangi siyosiy tizim — Qurultoy qanday qoidalar asosida ishlashini tushuntirdi.
“Siz mamlakat hayotidagi o‘zgarishlarning oldingi safida bo‘ldingiz. Barcha qiyinchiliklarga qaramay, keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish uchun tinimsiz mehnat qildingiz. Eng og‘ir damlarda mas’uliyatni o‘z bo‘yningizga oldingiz. Davlatimiz uchun juda zarur bo‘lgan islohotlarga turtki berdingiz. Har biringiz o‘z vazifangizni munosib bajardingiz, deb ishonch bilan ayta olaman. Siz Adolatli va Kuchli Qozog‘istonni barpo etish yo‘lida sidqidildan xizmat qildingiz”, dedi Qozog‘iston prezidenti.
Yangi tizimda nimalar o‘zgaradi?
Endilikda qonun ijodkorligiga bo‘lgan yondashuv butunlay o‘zgaradi. Prezident yangi Qurultoy ancha tezroq ishlashi kerakligini aniq aytdi. Yangi tizimda quyidagi o‘zgarishlar kutilmoqda:
- byurokratiya (qog‘ozbozlik) kamayadi;
- tahliliy ishlarga ko‘proq e’tibor qaratiladi;
- zamonaviy raqamli vositalardan foydalaniladi;
- qonun loyihalari ekspertlar va jamoatchilik bilan kengroq muhokama qilinadi;
- qaror qabul qilishda nafaqat hozirgi vaziyat, balki kelgusi yillardagi oqibatlar ham hisobga olinadi.
Mamlakatda ertaga, 1-iyuldan boshlab yangi Konstitutsiya kuchga kiradi. Mart oyida qariyb 90 foiz ovoz bilan yangi Konstitutsiya loyihasi ma’qullangandi.








