Daryo

Pokiston Afg‘onistonning uchta viloyatiga hujum qildi, 29 nafar jangari halok bo‘ldi

Havo va quruqlikdagi operatsiya tunda amalga oshirildi. “Tolibon” buni “bosqinchilik va jinoyat” deb qoraladi. Afg‘oniston hukumati Pokiston hujumlarida kamida 100 kishi halok bo‘lgan yoki yaralanganini ma’lum qildi.

1 daqiqa o‘qish4 252 ko‘rishlar0 izoh3

Pokiston 28-iyun kuni o‘zining g‘arbiy chegarasi bo‘ylab joylashgan Afg‘oniston viloyatlariga havodan zarba berdi va quruqlikda operatsiya o‘tkazdi. Natijada kamida 29 nafar jangarini yo‘q qildi. “Tolibon” esa o‘nlab odamlar halok bo‘lganini bildirib, operatsiyani “jinoyat” deb atadi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Pokiston axborot vaziri Attaullah Tarar quruqlikdagi hujumlarda “Jamoat ul-Ahror” guruhidagi to‘rt nafar jangari o‘ldirilganini aytdi. Guruh “Tahriki Tolibon Pokiston”ning bir qismi hisoblanadi. Shuningdek, Afg‘onistonning Paktiya, Paktika va Kunardagi uchta nishonga havo hujumlari amalga oshirilgan. Oqibatda 25 nafar jangari halok bo‘lgan, “katta miqdordagi qurol va o‘q-dorilar” yo‘q qilingan. “Tolibon” rasmiylarining BBC'ga ma’lum qilishicha, Pokistonning aviahujumlarida kamida 100 kishi halok bo‘lgan yoki yaralangan.

“Tolibon” qanday munosabatda?

“Pokistonning havo hujumlari oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘ldi va yaralandi”, dedi “Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid.

U qurbonlar va yaradorlar orasida ayollar hamda bolalar borligini ma’lum qildi.

“Biz ushbu qo‘rqoqlarcha amalga oshirilgan bosqinchilik harakatini keskin qoralaymiz, buni jinoyat va vahshiylik deb hisoblaymiz”, dedi Zabihulloh.

Uning o‘rinbosari Hamdulloh Fitrat esa Pokiston harbiylari tomonidan Paktikaning Gayan, Paktiyaning Charx va Kunarning Manogi tumanlari bombardimon qilinganini aytdi.

Foto: Afg‘onistonning Paktiya viloyati / Reuters

Tarar esa ushbu choralar orqali Pokiston “yaqin orada sodir etilgan bir qancha terroristik hodisalar”ga javob qaytarganini taʼkidladi. Jumladan, Karachi shahrida “Jamoat ul-Ahror” guruhi a’zolari Sind Reynjers obyektiga bomba va qurol bilan hujum uyushtirgan. Oqibatda uch nafar harbiy halok bo‘lgan, to‘rt nafari yaralangan. Pokiston uzoq vaqtdan beri “Tolibon” harakatini jangari guruhlarga boshpana berishga ayblab keladi. Afg‘oniston muvaqqat hukumati bu ayblovlarni bir necha bor rad etgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar