Daryo

Rossiyada migrantlarning xalqaro pul o‘tkazmalaridan komissiya olinishi mumkin

Deputat Sergey Mironov o‘tkazmalar Markaziy Osiyo rivoji uchun ishlatilayotgani, Rossiya byudjeti esa bundan bir tiyin ham olmayotganidan nolidi.

1 daqiqa o‘qish3 471 ko‘rishlar0 izoh1

“Adolatli Rossiya” partiyasi yetakchisi Sergey Mironov migrantlarning xalqaro pul o‘tkazmalari uchun 3 foizlik komissiya undirishni taklif qildi. Partiya deputatlari ushbu tashabbusni qonun loyihasi sifatida Davlat Dumasiga kiritdi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.

Mironov migrantlarning aksariyati Rossiyada hech qanday soliq to‘lamasligidan norozilik bildirdi.

“Holbuki ular mamlakatdan Markaziy Osiyo davlatlari rivoji uchun ishlatiladigan yirik miqdorda mablag‘larni olib chiqib ketmoqda. Shu bilan birga, Rossiya byudjeti ushbu oqimdan bir tiyin ham, hech qanday soliq yoki yig‘im olmaydi. Barcha foydani o‘tkazmalar uchun komissiya oladigan to‘lov tizimlari va banklar oladi. Bu xayriya ishlarini to‘xtatish vaqti keldi”, dedi partiya yetakchisi.

U transchegaraviy o‘tkazmalarning aksariyati migrantlar hissasiga to‘g‘ri kelishini aytdi.

“O‘tgan yili Qirg‘izistonga rekord miqdorda 3,2 milliard dollar o‘tkazilgan, 2025-yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 15 milliard dollarga o‘sgan. Deputatlar transchegaraviy o‘tkazma summasining 3 foizigacha majburiy to‘lovni joriy etishni taklif qilmoqda”, dedi Sergey Mironov.

U bu orqali har yili budjetga qo‘shimcha 45 milliard rubldan ortiq mablag‘ tushishini ma’lum qildi.

“O‘ylaymanki, bu mutlaqo ortiqchalik qilmaydigan pul. Buning ustiga byudjetga tushadigan ushbu mablag‘ o‘zimizning biznes yoki aholimiz hisobidan bo‘lmaydi”, deya xulosa qildi deputat.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar