Daryo

Isroil vaziri Livanni elektrdan uzib qo‘yishga chaqirdi

Itamar Ben-Gvir Livan poytaxtiga hujumlarni qayta tiklashni talab qildi. U Netanyaxudan “Tramp stolini urib, Livanga qarshi urushga qaytishayotgani” haqida xabar berishni so‘radi.

2 daqiqa o‘qish3 756 ko‘rishlar0 izoh1

Isroilning ikki vaziri Livanni elektr energiyasidan uzish va Bayrutdagi o‘nlab binolarni vayron qilishga chaqirdi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar berdi.

Agar Livan hukumati “Hizbulloh”ni nazorat qilmasa, Litani janubidagi va hatto Zahroni (daryo) janubidagi hudud Isroil davlati uchun “xavfsizlik zonasi”ga aylanishi kerak. Elektr energiyasini o‘chirish, infratuzilmani yo‘q qilish va ularga aniq tushuntirish zarur: agar terrorizm sodir etilsa, bundan o‘zingiz azob chekasiz. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH prezidenti Donald Trampning stolini urib, unga Livandagi urushga qaytayotganimizni ma’lum qilish vaqti keldi, dedi milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir.

Moliya vaziri Betsalel Smotrich esa “Hizbulloh”ning “portlovchi dronlari tahdidiga” chek qo‘yishga chaqirdi.

Shu hafta men taxminan 2 milliard isroil shekeli (deyarli 693 ming dollar) miqdoridagi maxsus byudjetni tasdiqladim. Har bir portlovchi dron zarbasiga javoban Bayrutdagi o‘nta bino qulashi va har qanday jiddiy tahdidga qat’iy javob berilishi kerak, dedi Smotrich va bu mablag‘ mudofaa tizimiga optimal darajada tayyorgarlik ko‘rish imkonini berishini ta’kidlab o‘tdi.

Isroil armiyasi shtabi boshlig‘i Eyal Zamir 24-may kungi Xavfsizlik kabineti yig‘ilishida “Hizbulloh”ning dron zarbalariga javoban Livan poytaxtiga hujumlarni qayta boshlashga chaqirdi. Isroil aprel oyida AQSH hukumatining iltimosiga binoan Bayrutga zarba berishni vaqtincha to‘xtatgan edi. Biroq iyul oyi boshigacha uzaytirilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzish holatlari hamon uchramoqda. Isroilning Livanni bombardimon qilishi oqibatida shu paytgacha qariyb 3200 kishi halok bo‘ldi, 9600 dan ortiq kishi jarohatlandi va 1,6 million kishi o‘z uy-joyini tark etishga majbur bo‘lgan.

Avvalroq Binyamin Netanyaxu shaxsiy suhbatlarida Trampning Eron bo‘yicha qarorlariga ta’sir ko‘rsatish imkoniyati juda kamligini aytgandi. Isroil bosh vaziri bu fikrlarni urushni to‘xtatish bo‘yicha dastlabki kelishuv muzokaralaridan Isroil chetda qolib ketgan bir vaqtda bildirgan.

Mazkur urush AQSH va Isroilning 28-fevral kuni qo‘shma bombardimonlari bilan boshlangan. Isroil barcha jabhalarda, jumladan, Livanda ham ehtimoliy xavf-xatarlarga qarshi harbiy amaliyotlarni davom ettirish huquqini talab qilmoqda, Eron esa bunga qarshilik bildirgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar