Yaxshi obro‘ni saqlab qolish va o‘zlari haqida chiroyli taassurot qoldirish uchun ular gohida keskin va mutlaqo kutilmagan choralarni ko‘rishga majbur bo‘lishadi. Ba’zi mashhurlarning g‘alati odatlari esa kishini dovdiratib qo‘yadi. Bugungi maqolada aynan shu haqda so‘z yuritamiz.
Nikolas Keyj: maslahatchi sakkizoyoq

Aktyorning ijodiy faoliyatida (“Yuzsiz”, “Vampir bo‘sasi”, “Las Vegasni tark etib”, “Jo” va boshqa filmlardagi) ko‘plab yorqin rollari bo‘lishiga qaramay, u bir qator ikkinchi darajali jangari film va trillerlarda ham suratga tushgan. Shu sababli Keyj bir necha bor tanqidga uchragan va tomoshabinlar tomonidan, jumladan, aktyorlik mahorati uchun masxara qilingan.
Xorijiy intervyulardan birida Gollivud yulduzidan rollarga qanday tayyorgarlik ko‘rishi haqida so‘rashdi. Javob kutilmagan bo‘ldi — Keyj bu borada unga uyidagi akvariumda yashovchi sakkizoyoq yordam berishini aytdi. Xususan, u aktyorning rollar uchun qiladigan yuz ifodalarini “ma’qullab berar ekan”. Bu gap rostmi yoki yo‘qmi, faqat taxmin qilish mumkin, xolos.
Jonni Depp: ma’lumotsiz

“Kapitan Jek Chittak”ni Gollivudning ko‘plab filmlari orqali yaxshi ko‘rib qolganmiz. Uning nomi allaqachon tilga tushgan, aktyorning filmdagi ishtiroki esa deyarli har doim yuqori reytinglar va ulkan kassa yig‘imlarini kafolatlaydi. Shu bilan birga, ko‘plab ijodkorlar singari Depp ham ta’lim olishga unchalik harakat qilmagan.
O‘z vaqtida aktyor hatto o‘rta maktabni ham tugatmagan va ma’lumotnoma bilan o‘qishdan chetlatilgan. Bo‘lajak yulduzning maktabdan haydalishiga uning hozirgacha uyalib yuradigan bir voqea sabab bo‘lgan. O‘shanda Depp dars paytida partaning ustiga chiqib, o‘qituvchisini masxara qilgan.
Hyu Jekman: masxaraboz-animator

Avstraliyalik aktyor Rosomaxa rolini ijro etishidan oldin aynan shu kasbda ishlagan. Ishonish qiyin, lekin dunyodagi eng yuqori haq oluvchi aktyorlardan biri bir vaqtlar bolalarning tug‘ilgan kunlarida pul ishlab topardi. Biroq u o‘z ishini shunchalik yomon bajarganidan, mijozlar uning ustidan tinimsiz shikoyat qilishardi.
Bu sohada omadi yurishmagach, Jekman jurnalist bo‘lishni orzu qilgan. Ammo u yerda ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Aytgancha, “Oskar” sohibi bo‘lgan aktyor shu qaroridan bugungi kunga qadar afsuslanadi.
Jeyson Momoa: singan burun

Jeyson Momoa deganda ko‘z oldimizga darhol uzun, qalin sochli, bahaybat erkak siymosi keladi. Sochlari shunday bo‘lishi uchun Momoa bir guruh stilistlar xizmatidan foydalanadi hamda soch yuvish va turmaklash uchun maxsus professional kosmetika ishlatadi.
Shuningdek, aktyor “Konan-varvar” filmida suratga tushish uchun burnini ataylab sindirgan. Bu bilan u yanada vahshiyroq ko‘rinishga va varvar obrazi yanada ishonarli chiqishiga erishgan.
Dryu Berrimor: mashhur cho‘qintirgan ota

Afsonaviy rejissyor va prodyuser Stiven Spilberg (“Transformerlar”, “Yura davri parki”, “Qora libosli odamlar”, “Indiana Jons” va boshqalar) Dryu Berrimorning cho‘qintirgan otasi bo‘lgani uchun uning kinodagi faoliyati bolaligidanoq hal bo‘lgandek edi. Shu tariqa, u 7 yoshida “O‘zga sayyoralik” filmi yulduziga aylandi.
Shundan so‘ng aktrisaning onasi fursatni boy bermaslikka qaror qilib, yosh Berrimorni Gollivud mashhurlari davrasidagi turli bar va klublarga olib borish orqali unga kino olamiga yo‘l ocha boshladi. Natijada yosh aktrisa 12 yoshidanoq turli qaramliklar va ruhiy muammolardan aziyat chekdi.
Silvestr Stallone: kattalar uchun mo‘ljallangan filmdagi roli

Silvestr Stalloneni Rembo, Rokki, Kobra va Sudya Dredd kabi obrazlari orqali ancha keyin taniganmiz. Biroq uning kinodagi karyerasi oson kechmagan. Rejissyorlar uni jiddiy rollarga olishmas, yashash uchun ijara pulini esa to‘lash kerak edi.
Shunda nyu yorklik yosh talaba tavakkal qilib, “Italiyalik ayg‘ir” filmining kastingida qatnashadi. Aytgancha, bu kattalar uchun suratga olingan juda kam byudjetli kartina edi.
Ko‘rib turganimizdek, hozirda tan olingan va muvaffaqiyat qozongan yulduzlarning ham hammasi o‘z faoliyatini silliq boshlamagan. Ularning ko‘pchiligi bir talay qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga, shu bilan birga, ancha noqulay vaziyatlarga tushib qolishiga ham to‘g‘ri kelgan. Ba’zilarida esa hozirgacha o‘ziga xos g‘alati odatlar saqlanib qolgan bo‘lib, ular bu haqda gapirishni istashmaydi.








