Isroilda hantavirus bilan kasallanishning ilk holati aniqlandi. Bu haqda The Jerusalem Post xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bemor bir necha oy oldin Sharqiy Yevropaga sayohat qilgan va kasallikni o‘sha yerda yuqtirib olgan bo‘lishi mumkin. Unda simptomlar paydo bo‘lgach, tibbiy yordamga murojaat qilgan. Dastlab antitanachalar bo‘yicha o‘tkazilgan test hantavirus belgilarini ko‘rsatgan, keyinchalik PZR-testi kasallikni rasman tasdiqlagan.
Bemorning ahvoli barqaror deb baholanmoqda. U intensiv terapiya yoki qat’iy izolyatsiyaga muhtoj emas. Uning shaxsi va qaysi shifoxonada davolanayotgani ochiqlanmagan. Aniqlangan virus shtammi Atlantika okeanidagi MV Hondius kruiz laynerida avj olgan shtammdan farq qiladi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur laynerda hantavirus tufayli niderlandiyalik er-xotin va germaniyalik erkak vafot etgan, kamida yana sakkiz kishi kasallangan.
Bortida 150 ga yaqin odam bo‘lgan MV Hondius kemasi Ispaniyaga yo‘l olgan va 10-may kuni Tenerife oroliga yetib borishi kerak. Hozirda kemada virus alomatlari bo‘lgan yo‘lovchilar yo‘qligi aytilmoqda.
Reuters xabariga ko‘ra, bir qator davlatlar kasallik tarqalishining oldini olish uchun kema Kabo-Verde qirg‘oqlariga yetib kelishidan oldin uni tark etgan yo‘lovchilarni kuzatmoqda. Virus tarqalishi haqidagi xabarlar paydo bo‘lishidan avval 40 ga yaqin odam Santa-Elena portida kemadan tushgan. Ularning ko‘pchiligi qayerdaligi hozircha noma’lum.
Hantavirus — odamga kemiruvchilardan, asosan, ularning viruslangan ajralmalari orqali yuqadigan viruslar guruhi. Ular o‘pka yoki buyrak shikastlanishi kabi og‘ir kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Kasallik isitma, bosh va mushak og‘riqlari, ko‘ngil aynishi hamda charchoq kabi belgilar bilan kechadi. Hantavirus yuqqaniga shubha tug‘ilsa, dastlabki simptomlardan 72 soat o‘tgach, takroriy tahlil topshirish tavsiya etiladi. Virusga qarshi maxsus davo yo‘q, bemorlarga qo‘llab-quvvatlovchi terapiya qo‘llanadi.








