Turkiyadan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Rossiya rahbari Vladimir Putin uchrashuvini tashkillashtirish so‘raldi. Bu haqda Ukraina tashqi ishla vaziri Andrey Sibiga ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Ukraina Erondagi urush fonida to‘xtab qolgan muzokaralarni tiklashga urinmoqda.
“Biz bu haqda Turkiyadan so‘radik, boshqa ayrim davlatlarga ham murojaat qildik”, dedi Sibiga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Belarus yoki Rossiyadan boshqa har qanday hududda Putin bilan uchrashishga tayyor. Zelenskiy to‘rt yildan ortiq davom etayotgan urushga yechim topishni tezlashtirishga ancha vaqtdan beri urinib kelmoqda.
Belarus Rossiyaning yaqin ittifoqchisi bo’lib, 2022-yilda Moskvaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinida o‘z hududidan foydalanishga imkon bergan. Shu sababli Zelenskiy u yerda muzokara o‘tkazishga qarshi chiqqan. Sibiga Anqaraning taklifga qanday munosabat bildirganini ochiqlamadi.
“Biz aynan turklarga murojaat qildik. Ammo Moskva va Belarusdan tashqari boshqa bir poytaxt shunday uchrashuv tashkil qilsa, biz boramiz”, dedi u.
Kreml avvalroq Zelenskiyni uchrashuv uchun Moskvada qabul qilishga tayyorligini bildirgan edi. Putin ushbu taklifni Xitoyda o‘tkazilgan harbiy paradda ma’lum qilgan. Biroq Ukraina prezidenti u yerga bormasligini aytib, uchrashuvni Kiyevda o‘tkazishni taklif qilgan.
2025-yil avgust oyida AQSH prezidenti Donald Tramp Alyaskada Putin bilan uchrashganidan beri Ukrainaga hududiy yon bosish g‘oyasini ilgari surib kelmoqda. U ukrain harbiylarining Donbassdan chiqib ketishini qo‘llab-quvvatlagan va hududiy yo‘qotishlarsiz urush tugamasligini aytib o‘tgan.
Fevral oxirida Rossiya va Ukraina o‘rtasida hududiy masalalar bo‘yicha muzokaralar to‘xtab qoldi. Aynan shu vaqtda Eron bilan bog‘liq mojaro AQSH muzokarachilari e’tiborini chalg‘itdi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa Moskva faqat Donbass ustidan to‘liq huquqiy nazoratni qabul qilishini aytdi. Zelenskiy esa tinchlik evaziga hududiy yon bosish ehtimolini rad etib, buni “katta xato” deb atagan.








