Yakshanba kuni erta uyg‘onib, darrov multfilm ko‘rishga yugurganlarimiz yodingizdami? Ko‘pchiligimiz “Bremen musiqachilari”, “Vinni Pux” hamda “Kichkintoy va Karlson”ni ko‘rib ulg‘ayganmiz. Hozir esa ularni farzandlarimiz bilan birga qayta tomosha qilar ekanmiz, qiziqarli va kulgili xatolarni payqay boshladik. Albatta, bu kichik xatolar sevimli asarlarimizga zarracha putur yetkazmaydi, aksincha, ularni yanada jonli va qadrdonroq qiladi.
“Xazinalar oroli”
Billi Bons qora belgini olgach, soatga yaqinlashib deydi: “Ular soat 10 da sandig‘imni olib ketgani kelishadi, to‘rt soat qoldi, hali vaqtimiz bor”. Shu payt u soatga qaraydi, soat esa... roppa-rosa 10 ni ko‘rsatib turgan bo‘ladi.
“Senimi, shoshmay tur!”
Multfilmda quduq bilan bog‘liq sahna bor, unda bir xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Quyon Bo‘ri solingan chelakni tortib chiqarganida, arqonning ancha uzunligini ko‘rish mumkin. Ammo oradan bir necha lahza o‘tgach, xuddi shu chelakni G‘oz ko‘targanida, arqon qisqarib qoladi.
Uchinchi seriyada esa Bo‘ri zarg‘aldoq kurtka va ko‘k shlemda tirik baliqlar solingan sisternaga tushib ketadi-yu, undan yenglari shimarilgan yashil ko‘ylakda, bosh kiyimsiz sakrab chiqadi.
To‘qqizinchi qismda Bo‘ri quritilgan baliqni sindirmoqchi bo‘lganida, uning kulbasidagi buyumlar har kadrda o‘z o‘rnini o‘zgartirib turadi. Masalan, singan stol qayergadir g‘oyib bo‘ladi.
“Bremen musiqachilari”
Bu multfilm xatoliklarga juda boy. Masalan, cho‘chib ketgan soqchilarga bir qarang. Ularning soni to‘rtta, ammo oyoqlari-chi? To‘rt kishi uchun kamroqday tuyulmayaptimi?
Biroq chala chizilgan oyoqlar — bu hali holva. “Bremen musiqachilari izidan” multfilmining ikkinchi qismida Trubadurning qanchalik o‘zgarib ketganiga bir qarang. Syujet bo‘yicha uncha ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, u kartoshka burunli oddiy yigitchadan to‘rtburchak iyakli kelishgan yigitga aylanadi.
Malika bilan ham ayni holat yuz beradi — u endi butunlay boshqa qizga aylangan. U beso‘naqay, sodda qizdan nafis sohibjamolga aylanadi.
Xo‘sh, xo‘roz-chi? Birinchi qismda uning dumi juda chiroyli, biroq o‘rtoqlari bilan shahardan quvilganidan so‘ng, dumi kalta bo‘lib qoladi. Ikkinchi qismda esa dumi yana uzun va chiroyli, ammo endi boshqa rangda.
“Vinni-Pux va g‘amxo‘rlik kuni”
Multfilmning boshidayoq ko‘l bo‘yida o‘z aksiga qarab turgan Ho‘tikvoyni ko‘ramiz. Uning ortida o‘t va gullardan bo‘lak hech narsa yo‘qligi ko‘rinib turadi. Ammo kadr almashgach, uning ortida birdaniga daraxtlar paydo bo‘lib qoladi.
Vinni Puchuqvoy bilan birga Ho‘tikvoyga sovg‘a qidirish uchun uyiga kirgan kadr yodingizdami? Bolaligimizda, albatta, bu haqda uncha o‘ylanmaganmiz, lekin qarang, oddiy o‘rmon jonivorida qanday narsalar bor: ochiq konserva bankalari, baton non, grafin. Nahotki Vinni-Pux tomatli kilka balig‘ini yaxshi ko‘rgan bo‘lsa?
“Vinni-Pux”
Vinni-Pux sharda yuqoriga ko‘tarilayotganida, Puchuqvoy eman daraxtining yonidagina turgan bo‘ladi. Ammo bir lahzadan so‘ng, ayiq tepaga chiqqach, Puchuqvoy daraxtdan ancha uzoqlashib qolganini ko‘ramiz.
“Timsoh Gena”
Gena Cheburashkaga uni vokzalda kutib olishini so‘rab telegramma jo‘natganini eslaysizmi? O‘shanda Cheburashka kelmagan, timsoh esa hamma chamadonlarini o‘zi ko‘tarishga majbur bo‘lgandi. U do‘stidan nega kutib olmaganini so‘raganida, Cheburashka o‘qishni bilmasligini aytadi. Vaholanki, multfilmning boshida u timsohning e’lonini bemalol o‘qiy olgandi.
“Chipollino”
Grafinya Olchalar tomi chamadon-u sandiqlar bilan to‘lib-toshgan karetada yo‘lga chiqishadi. Biroq yo‘lda ularning butun yuklari g‘oyib bo‘ladi.
“Karlson qaytdi”
Freken Bokning paltosiga e’tibor bering: kadr almashganda undagi tugma yashil rangdan jigarrangga o‘zgaradi. Shlyapasi bilan ham g‘aroyib o‘zgarishlar yuz beradi: u butunlay boshqa shaklga kirib, shlyapa to‘g‘nog‘ichi yo‘qolib qoladi, hatto lentasi ham boshqacha bog‘langan bo‘ladi.
Kichkintoyning xonasida ham mebellar o‘z-o‘zidan o‘rnini almashtiradi. Multfilm boshida Freken Bok bolakayni qulflab qo‘yganida, eshik oldida karavot turganini ko‘rish mumkin. Ammo Kichkintoy Karlson uchun qovurilgan kolbasa olib kelishga yugurganida, eshik oldida negadir kreslo paydo bo‘lib qoladi.








