AQSHning Kuba ustidan nazoratni qo‘lga olishga bo‘lgan har qanday urinishi “yengib bo‘lmas qarshilik” bilan kutib olinadi. Bu haqda Kuba prezidenti Migel Dias-Kanelga tayanib, CNN xabar berdi.
Dias-Kanelning aytishicha, AQSH prezidentlari 60 yildan ortiq vaqt davomida Kubani izolyatsiya qilishga urindi. Endi esa Vashington mamlakatning iqtisodiy zaifligidan “bahona” sifatida foydalanib, uni egallashga harakat qilmoqda.
“Butun xalqqa qarshi jamoaviy jazo sifatida qo‘llaniladigan shafqatsiz iqtisodiy urushni faqat shu tarzda tushuntirish mumkin. Eng yomon ssenariy qarshisida Kuba bir narsaga aniq ishonadi: har qanday tashqi agressor yengib bo‘lmas qarshilikka duch keladi”, dedi u.
AQSH prezidenti Donald Tramp bir necha bor Kubani egallab olish bilan tahdid qilgan. 16-mart kuni Tramp orol bilan xohlagan narsasini qila olishini taʻkidladi. AQSH davlat kotibi Marko Rubio ham keskin bayonot berib, Kubaga “yangi rahbarlar” kerakligini daʻvo qildi.
“Ularning iqtisodiyoti ishlamayapti... Ular juda qiyin ahvolda, rahbarlar esa buni qanday oʻnglashni bilmaydi, shuning uchun ular yangi rahbarlarni ishga olishi kerak”, degan u.
2026-yil boshida AQSH Kubaga neft yetkazib berishni deyarli to‘xtatdi, natijada mamlakat iqtisodiyoti jiddiy zarba oldi. Eskirgan elektr tarmog‘i esa asosiy yoqilg‘isiz qoldi. Orolning 10 millionlik aholisining aksariyati 16-mart kuni kuni elektr ta’minotisiz qoldi. Aholi sham yorug‘ida gazda ovqat pishirishga majbur boʻldi. Mamlakatda o‘quv soatlari qisqartirildi, yirik sport musobaqalari qoldirildi.
17-mart kuni tushdan keyin Gavana shahrida va ba’zi joylarda iste’molchilarning taxminan 55 foizi elektr ta’minotiga qaytdi. Kubaliklar bir necha oydan beri tez-tez elektr uzilishlariga duch kelmoqda.








