O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Boshqirdiston va Tatariston xalq artisti Jenisbek Piyazov san’atkorlar sulolasi, sohadagi qiyinchiliklar, Ozodbek Nazarbekovning yordami va 100 ming so‘mlik kostyumda “Shuhrat” medalini qabul qilgani haqida so‘zlab berdi.
“San’atkorlar oilasidanman”
— Bizning oilamiz sanʼatkorlardan tashkil topgan. Bobom, Qoraqalpogʻiston xalq artisti, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ziynel Piyazov, aktyor boʻlgan. Sanʼatkorlar sulolasini bobom boshlab bergan. Shundan soʻng dadam va uning yaqinlari ham sanʼat sohasidan ketishgan. Shuning uchun bizlar ham oilaviy sanʼat olamidamiz.
“Opera nima?”
— Yoshligimiz qiyinchilik yillariga toʻgʻri kelib qolgani uchun kichikligimizdan toʻylarga chiqib ishlaganmiz. Dadam bilan toʻyga chiqqanimdagi birinchi ishim klavish chalish boʻlgan. Keyin baxtimga minidisk chiqib qolgan. Shundan soʻng pianinochilarning ishi oʻlgan. Hamma sozandalar shu sabab bu ishlarini yigʻishtirgan.
Oʻshanda noiloj qolib, har kuni eshitib yurgan estrada yoʻnalishidagi qoʻshiqlarni ayta boshladim. Undan tashqari yana rep, rok yoʻnalishlarida ham harakat qilib koʻrdim. Rok yoʻnalishida ijod qilinadigan guruhimiz ham bor edi. Keyinchalik ovozlar oʻzgarganidan soʻng oddiy qoʻshiqlarni aytish qiyin boʻlib qoldi. Shunda ustozim ovozim yaxshiligini va bu ovoz bilan opera aytishim mumkinligini aytgan. U paytda bu yoʻnalish haqida bilmas edim. Bu soʻzni birinchi marta eshitganim uchun ustozimga qarab “opera nima?”, deb soʻraganman
“Estrada xonandalariga qaraganda to‘y xizmatlarim ko‘proq”
Jenisbek Piyazov faoliyati haqida gapirib berar ekan, toʻy xizmatlariga ham tez-tez chaqirishlarini, qolaversa, xorijlik mehmonlar tashrif buyuradigan tadbirlarga uni taklif etishlarini ham aytib oʻtdi.
— Xudoga shukr, hozirgi kunda boshqa estrada xonandalariga qaraganda toʻy xizmatlarim koʻp. Baʼzan koʻpchiligini bekor qilishga ham toʻgʻri kelib qoladi. Gonorarim ham ularnikiga qaraganda yaxshi. Koʻpincha boshqalar dam olayotgan paytda men ishlayotgan boʻlaman. Yanvar, fevral oylarida ham ishladim — bizda mavsum yoʻq. Hozir roʻza kunlarida ham ishlayapman. Chunki bu paytda koʻp koreys va rus millatiga mansub insonlar toʻy qiladi.
Aytaylik, bir katta biznesmen toʻy qilyapti. Toʻyiga chet eldan ham mehmonlar keladi. U mehmon na Yulduz Usmonovani, na Ozodbek Nazarbekovni taniydi. Masalan, Italiyadan mehmon kelayotgan boʻlsa, meni chaqirishsa, borib italyancha qoʻshiq aytib beraman yoki mehmon nemis boʻlsa, nemischa kuylayman. Klassika baribir oʻlmaydi.
Koʻpchilik qoʻshiqchilarning asosiy daromadi toʻydan keladi. Lekin men faqat toʻyga bogʻlanib qolmaganman. Xudoga shukr, chet eldan keladigan daromadlarim yaxshi. Oʻzbekistonda ham operani qadrlaydiganlar koʻpayib qoldi. Agar bunday boʻlmaganida, “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyida uch kunlab konsert bermasdim. 38 million aholi orasida klassikani yaxshi koʻradiganlar ham koʻp ekan. Buni oxirgi yillarda bilyapman, deydi u.
“250 ming so‘m oylik to‘lanardi”
— Koʻpchilik kasb tanlashda, avvalo, uning moliyaviy jihatini oʻylaydi. Tanlamoqchi boʻlgan kasbi ortidan keladigan mablagʻ yaxshi boʻlsa, shu kasbni tanlaydi. Men operachilikni tanlagan paytimda sohada faqat oylikka ishlanardi —250 ming soʻm maosh toʻlanardi, tamom. “Bu oylikka qanday qilib oilamni boqaman, undan koʻra operani tanlamayman”, deb zoʻr ovozi borlarning sohadan chiqib ketganlarini koʻrdim. Hali hammasi yaxshi boʻlib ketadi, desam ham ketishdi. Hozir ular kichik guruhlar ochib, toʻylarda yurishibdi.
Operachilikdan estrada yoʻnalishiga oʻtib ketgan hamkasblari haqida
— Men, yana men kabi bir necha vokalistlar koʻrik tanlovlarga bora boshladik. Bir borishimizning oʻzida 5—10 ming dollar mablagʻ olib keldik. Bir safar 25 ming dollar ham yutganman. Oʻsha paytda bu pulga uch xonali uy berardi. Eshitganlar hayratlanib qolishdi va sekin-sekin ota-onalar bolalarini opera yoʻnalishiga yoʻnaltira boshladi.
Konservatoriyada avvallari 12 nafar talaba oʻqigan boʻlsa, hozirgi kunda 25 nafar talaba tahsil olmoqda. Yoshlarning vokalga, operaga qiziqishi koʻpaydi. Juda boʻlmaganda, mana, Gʻaybullaga oʻxshagan oddiy ashulachi boʻladi. Gʻaybulla bizdan keyin vokal yoʻnalishida oʻqigan. Bariton ovozi bor edi. Operadan imtihon topshirolmasdan, “aka, nima qilsam ekan”, deb yurardi. Hammasi yaxshi boʻlib ketadi, derdim. Mana, bitirdi. Oʻqishni tugatgandan soʻng oʻz yoʻnalishini topib, estrada xonandasi boʻldi.
“Sharq” guruhidagi Sarvar, Yulduz Abdullayevalar ham operachi boʻlgan. Ikki xonanda ham vokal yoʻnalishida oʻqishgan, lekin oʻz oʻrnini estradada topishdi. Bir safar hattoki Sherali Joʻrayev ham menga vokal boʻyicha oʻqiganini aytgan edi. “Operaga juda qiziqardim, hatto sport zallarida operalar aytib turardim”, degan edi. Mana shuning uchun ham ular fonogrammaga suyanib qolmay, oʻziga ishonib jonli ayta oladi.
“Yakkaxon konsertdan maqsadim — repertuarni boyitish”
Opera xonandasiga “yakkaxon konsertni oʻtkazish xonanda uchun imtihon, reklama yoki mablagʻ orttirishmi?”, deb berilgan savolga quyidagicha javob berdi:
Ikkinchidan, repertuar boyiydi. Agar konsertim borligini bilsam, ishimga yana ham qattiq kirishaman. Repertuarimni boyitish uchun izlanaman. “Vavilonlik eng boy odam” kitobida har bir kasb egasi oʻz ustida ishlashda davom etishi kerak, deyiladi. Agar sanʼatda toʻxtab qolinsa, qoʻlidagi repertuari bilan uzogʻi bilan bir-ikki yil ishlash mumkin. Undan uyogʻi qiyin masala. Har gal bir qoʻshigʻingizni eshitgan muxlislar “boshqa qoʻshigʻi yoʻqmi buning”, deydigan boʻladi.
Uchinchidan, pul uchun. Odatda odamlar konsert berib pul topolmaydi. Oʻzim ham boshida ikki yil konsertdan foyda olmay, shunday boʻlsa ham zararsiz, tengma teng chiqib ketganman. Oʻshanda koʻpchilik menga ishonmagan. “Opera bilan qanday qilib konsert berib boʻladi, minusga kirib ketamiz. Olmayman konsertingni”, deyishgan. Lekin Ozodbek Nazarbekov menga ishonib, birinchi konsertimni oʻzi qilib bergan. “Jenisbekning konsertini oʻtkazinglar. Zararga kirmaysizlar. Oʻzim oʻrtanglarda turaman”, degan. Odatda faqat estrada xonandalarining konsertlarini oʻtkazgani uchun tashkilotchilarda operachining konsertiga kim tushadi degan savol boʻlgan.Shunday qilib 1-yakkaxon konsertni 2017-yilda muvaffaqiyatli oʻtkazdik.
Konsertga 150 dan ortiq diplomat keldi. Qolaversa, elchixonalardan elchilar, vazirlar tashrif buyurishdi. “Xalqlar doʻstligi” saroyining atrofida qora avtomobillar yigʻilib qolgan paytda tashkilotchilar qoʻrqib ketishgan. Soʻng keyingi yilining shu sanasini ham men uchun band qilib qoʻyishlarini soʻragan. Ularga “ha”, deb javob berganman. 2018-yilgi konsertimda ham chiptalar tezlikda sotilib ketgan.
“Odamlarga doim ‘ha’ deyishim qo‘l kelgan”
— Konsertga biletlarni sotish hozirgi kunda ham qiyin masala. Lekin 2017-yilgacha qilgan mehnatim menga yordam berdi. Yaʼni “har doim ha de” shioriga amal qilib, hech kimga “yoʻq” demaganman. Yuzta odam toʻy xizmatiga chaqirgan boʻlsa, hammasiga yoʻq demay borib, bir tiyin soʻramaganman. Oʻshanda “bizdan nima xizmat”, deb soʻraganlarga sogʻ boʻlsangiz boʻldi, deganman. Konsert qoʻyilayotgan mahal oʻsha ogʻalarning yordami tegishi mumkinligini bilib, hammalarining oldiga birma-bir borib, “Ogʻa, konsert beryapman. Mayli, operaga qiziqmasangiz ham uni oʻtkazib olaylik. Bilet oling”, deb aytib chiqqanman, deydi operachi.
Birinchi konsertni shunday yuritib olgan edik. Ikkinchi va keyingilari esa oʻzi yurib ketdi. Hozirgi paytda plyus bilan oʻtadi konsertlarimiz.
“100 ming so‘mlik kostyumim men uchun qadrli”
—2010-yili iyun oyida Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining sammiti oʻtkazilgan. Oʻshanda poytaxtga sakkizta davlat prezidentlari kelgan. Tadbirda rus xalqining qoʻshigʻini aytib, chiqish qilganman. Oʻshandan keyin hujjatlarimni soʻrashdi. Hujjatlar menga topshirilajak “Shuhrat” medali uchun ekan. Taqdirlashga ikki kun qolganda rahmatli birinchi prezidentning oʻzlari ism-familiyamni roʻyxatga 48-raqam ostida yozib qoʻyganlar.

Shoshilinch chaqirishib, qanday kostyumingiz bor, deb soʻrashdi. Menda faqatgina bir dona frak bor edi. U ham boʻlsa bir doʻstimniki boʻlgan. “Bundan boshqa kostyumingiz yoʻqmi? Yangisini sotib ola olasizmi?”, deb soʻrashgan yana. U paytda ijarada turardim. Yangi kostyum sotib olishga imkonim yoʻq edi. Shunda meni kiyintirish haqida topshiriq berildi. “Chorsu” bozoriga borib, ranglarini tanlab, oʻlchamimni aniqlab, 120 ming soʻmlik kostyumni 100 ming soʻmga olib berishdi. Oxirgi boʻlib medalni qabul qilib oldim. Hozir oʻsha kostyum sal kichikroq kelib qolgan. Lekin tugmasini taqmasam, qolipday tushadi. Hozir koʻp qimmat , 5 millionlik va undan ham qimmat kostyumlarim bor. Lekin hech qaysi biri 100 ming soʻmlik kostyumimchalik qadrli emas. Boshqa kostyumlarimni unniqib yoki kirlanib qolsa, yaqinlarim yoki shogirdlarimga berishim mumkin, lekin u kostyumimni hech kimga bermayman, deydi Jenisbek Piyazov.








