Rejissyor va ssenaristlar qiyomat-qoyim va global halokatlar haqida film olishni, biz esa buni tomosha qilishni yaxshi ko‘ramiz. Qiyomatning ayrim ko‘rinishlari shunchaki to‘qimadek tuyulsa-da, ma’lum sharoitlarda haqiqatan ham yuz berishi mumkin bo‘lganlari ham bor.
“Bo‘shliq bilan to‘qnashuv” filmidagi kabi kometaning Yerga qulashi
Film nima haqida: Yerga diametri 11 kilometrli kometa uchib kelmoqda va u sayyoradagi butun tiriklikni yo‘q qilib yuborishi mumkin. Odamlar uni yadro quroli yordamida yo‘q qilishga urinadi, biroq bunga qisman erishadi, xolos: kometaning bo‘laklari okeanga qulab, ulkan suv toshqinini keltirib chiqaradi.
Haqiqatdagi ssenariy: NASA potensial xavf tug‘diradigan Yerga yaqin asteroidlarni doimiy ravishda kuzatib boradi. Bugungi kunga qadar 25 000 dan ortiq shunday osmon jismi aniqlangan. Eng mashhur asteroidlardan biri bo‘lgan Apofis 2029-yilda Yerdan taxminan 31 ming kilometr masofada uchib o‘tadi — bu kosmik o‘lchovlar bo‘yicha yaqin, lekin baribir to‘qnashuv sodir bo‘lmaydi.
Yana bir asteroid — Bennu — Yerga 2182-yilda yaqinlashadi. To‘qnashuv ehtimoli bor, ammo u juda kichik — 0,037% yoki 2 700 dan 1 imkoniyat.
Dinozavrlarni qirib yuborgan asteroid “Bo‘shliq bilan to‘qnashuv” filmida ko‘rsatilganiga o‘xshash bo‘lib, kengligi taxminan 10 kilometrni tashkil etgan. Olimlarning fikriga ko‘ra, bunday falokatlar juda kamdan-kam — taxminan har 250–300 million yilda bir marta sodir bo‘ladi. Shunga qaramay, bunday ehtimol mavjud.
“Bo‘shliq bilan to‘qnashuv” filmidagidek yadro portlashi sayyorani qotil-asteroiddan himoya qila oladimi? Bunga aniqlik kiritish uchun astronomlar yaqinda kvarsdan yasalgan kichik nishonlarda rentgen nurlanishi bilan tajriba o‘tkazdi. Natijalar o‘lchami 3–5 kilometr bo‘lgan asteroidlarga tatbiq etildi: taxminlarga ko‘ra, bunday osmon jismi yaqinidagi yadro bombasi portlashi uning trayektoriyasini o‘zgartirib, Yer bilan to‘qnashuvining oldini olishi mumkin. Muammo shundaki, xalqaro kelishuvlar yadro qurolini har qanday ko‘rinishda koinotga olib chiqishni taqiqlaydi.
Biroq agar ulkan kosmik jism Yerga xavf solsa, nazariy jihatdan u bilan filmdagidek kurashib ko‘rish mumkin. Garchi amalda boshqa bir usul — osmon jismini avtonom boshqaruvdagi kosmik kema bilan urib, orbitadan chiqarib yuborish allaqachon muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa ham.
“Qor uzra” filmidagidek geomuhandislikning halokatli xatosi
Film nima haqida: global isishni to‘xtatish maqsadida olimlar atmosferaga haroratni pasaytirishi kerak bo‘lgan kimyoviy moddalarni purkaydi. Biroq misli ko‘rilmagan sovuq tushib, dunyo yangi muzlik davriga kiradi.
Haqiqiy hayotdagi ssenariy: geoinjeneriya chindan ham iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash usuli sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Eng ko‘p muhokama qilinadigan metodika — quyosh radiatsiyasini boshqarish (SRM) bo‘lib, u quyosh nurlarini qaytarish va Yerni sovitish uchun atmosferaga oltingugurt aerozolini purkashni nazarda tutadi. Ammo buning uchun kamida 2069-yilgacha har yili stratosferaga 10 million tonnadan ushbu moddani yuborib turish kerak bo‘ladi.
Albatta, bunda xavf-xatarlar ham yo‘q emas. Tadqiqotchilar hozircha “Qorlar orasidan” filmidagidek yangi muzlik davrini bashorat qilmayapti, biroq sayyoraning turli nuqtalarida harorat nomutanosibligi yuzaga kelishi mumkin — masalan, tropiklarda haddan tashqari sovish va qutb mintaqalarida esa isish kuzatilishi ehtimoli bor.
Geoinjenerlarning xatolari va yetarlicha o‘rganilmagan usullarning qo‘llanilishi oldindan aytib bo‘lmaydigan halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Olimlar qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi pasayib, ko‘plab odamlarning yeguliksiz qolishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Bundan tashqari, aerozollardan foydalanish bo‘ronlarni keltirib chiqarishi va sayyoraning bioxilma-xilligini kamaytirishi ham mumkin.
“Telba Maks: G‘azab yo‘li” filmidagidek ekologik falokat va suv tanqisligi
Film nima haqida: ekologik ofatlardan so‘ng dunyo sahroga aylanadi. Suv va yonilg‘i eng qimmatbaho resurslarga aylanib, ular uchun qonli urushlar kechadi.
Haqiqatdagi ssenariy: global isishning jiddiy oqibatlaridan biri — bu cho‘llashish. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 2,1 milliard kishi sahrolashgan hududlarda yashamoqda. Agar harorat ko‘tarilishda davom etsa, Afrika va Osiyoning katta qismlari yashash uchun yaroqsiz bo‘lib qolishi mumkin. Bir tadqiqotga ko‘ra esa harorat Selsiy bo‘yicha 2 darajaga ko‘tarilsa, janubiy Ispaniyaning butun hududi sahroga aylanadi.
Global isish suv tanqisligini tobora jiddiy muammoga aylantirib bormoqda. Hozirning o‘zida qariyb 2 milliard kishi xavfsiz chuchuk suvdan umuman foydalana olmaydi. Prognozlarga ko‘ra, 2050-yilga borib Yer aholisining 5 milliarddan ortig‘i u yoki bu darajada suv tanqisligini boshdan kechiradi.
Afsuski, “Telba Maks” filmidagi kelajak dunyosi endi unchalik ham aqlga sig‘maydigan bo‘lib ko‘rinmayapti. Agar iqlim o‘zgarishlariga qarshi hech narsa qilinmasa, resurslar yetishmovchiligi va tabiiy ofatlar suv hamda oziq-ovqat uchun kurashga olib kelishi mumkin.
“12 maymun” filmidagidek sun’iy yaratilgan virus
Film nima haqida: laboratoriyada yaratilgan o‘ta xavfli virus insoniyatning katta qismini qirib tashlaydi, tirik qolganlar esa yer ostida jon saqlashga majbur bo‘ladi. Bryus Uillis ijrosidagi bosh qahramon falokatning oldini olish uchun o‘tmishga sayohat qiladi.
Hayotdagi ssenariy: yangi xavfli viruslarning paydo bo‘lishi — jiddiy tahdid. 2018-yilda JSST shunday patogen keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan pandemiyani ifodalash uchun hatto “X kasalligi” atamasini ham joriy etgan. U mavjud virusning mutatsiyaga uchrashi, insonning yovvoyi tabiat bilan o‘zaro ta’siri yoki biotexnologik tajribalar natijasida kutilmaganda yuzaga kelishi mumkin. COVID-19 esa virus butun dunyoni naqadar tez qamrab olishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatib berdi.
Bundan tashqari, zamonaviy gen muhandisligi texnologiyalari viruslar genomini o‘zgartirib, ularni yanada yuqumliroq va davolashga chidamliroq qilish imkonini beradi. Bu ham tasodifiy mutatsiyalar, ham biologik qurolni yaratish uchun zamin hozirlaydi. Voqealarning bunday rivoji ehtimoldan yiroq, biroq bir kun kelib dunyoda hammani yo‘q qilishni istaydigan yovuz daho paydo bo‘lishini inkor etib bo‘lmaydi. Yoki viruslarni o‘rganish bo‘yicha qaysidir ilmiy tajriba butunlay boshqa tomonga ketishi mumkin.
“Suv dunyosi” filmidagi kabi okean sathining ko‘tarilishi
Film nima haqida: barcha muzliklar erishi tufayli okean sathi 7 600 metrga ko‘tarilib, butun quruqlik suv ostida qoladi. Odamlar suvda yashab, afsonaviy “quruqlik”ni izlaydi.
Haqiqiy hayotdagi ssenariy: 1901-yildan beri dengiz sathi allaqachon 20 santimetrga ko‘tarilgan va o‘sishda davom etmoqda. 2100-yilga kelib u 1-2 metrga oshishi mumkin, bu esa Nyu York, Bangkok, Shanxay va Amsterdam kabi yirik qirg‘oqbo‘yi shaharlarida doimiy suv toshqinlariga olib keladi. Bu millionlab odamlar hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.
Agar barcha muzliklar erib ketsa, okean sathi 70 metrga ko‘tarilishi mumkin, natijada suv quruqlikning katta qismini, jumladan, megapolislarni ham bosadi. Masalan, Mayami, London, Venetsiya, Mumbay va Tokio kabi shaharlar butunlay suv ostida qoladi. Qishloq xo‘jaligi yerlarining yo‘q bo‘lib ketishi esa global ocharchilik va keng ko‘lamli migratsiyaga sabab bo‘ladi.
Garchi muzliklar hajmi butun sayyorani suv bosishiga yetarli bo‘lmagani uchun “Suv dunyosi” ssenariysi haqiqatdan yiroq bo‘lsa-da, okean sathining keskin ko‘tarilishi ko‘plab qirg‘oqbo‘yi hududlari uchun halokatli oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.


Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval