Daryo

Idish yuvish gelining o‘rnini bosadigan 6 ta tabiiy mahsulot

Bugungi kunda maishiy kimyo bozorida turli xil idish yuvish vositalari mavjud. Do‘konlar xushbo‘y hidli geldan tortib kuchli ishqorli kimyoviy vositalarga to‘la

2 daqiqa o‘qish6 027 ko‘rishlar0 izoh3

Idish yuvishda ishlatiladigan kimyoviy vositalar, masalan, gel, yuvish kukunlari va dezinfeksiyalovchi moddalar sog‘liq uchun turli zarar keltirishi mumkin. Ularni to‘g‘ri ishlatmaslik yoki ko‘p miqdorda qo‘llash bir qancha muammolarga olib keladi. Kimyoviy vositalar o‘rniga xonadoningizda mavjud boshqa vositalardan foydalanishingiz ham mumkin.

Iste’mol sodasi

Avvallari zamonaviy idish yuvish vositalari bo‘lmagan vaqtlarda uy bekalari iste’mol sodasidan foydalangan. Soda bilan yuvilgan chinni idishlar yaxshi oqaradi.

Teflon qoplamali idishni yuvishda ehtiyot bo‘ling — soda teflon yuzasini tirnashi mumkin.

Xantal

Quruq xantal idishlarni tozalashda samarali vositadir. Uni turli usulda qo‘llash mumkin. Masalan: bir-ikki choy qoshiq kukunni iliq suvda eritib, idishlarni shu suvda bir necha daqiqaga qoldiring va oddiy suvda yuvib tashlang. Idishlarni xantal bilan yuvishda rezina qo‘lqop kiyishni unutmang, chunki xantal kukuni terini kuydirib yuborishi mumkin.

Kir sovun

Viruslarga qarshi kuchli antibakterial xususiyatlarga ega xavfsiz va toza mahsulot bo‘lgan kir sovun har bir xonadonda topiladi. Uning tarkibidagi ishqor idish-tovoqlarni nafaqat yaxshi tozalaydi, balki dezinfeksiya ham qiladi.

Faqatgina jigarrang kir sovunda idishlarni yuvish mumkin, hozirgi zamonaviy oq sovunlar idish yuvish uchun mo‘ljallanmagan.

Sirka

Olma sirkasi yog‘ni qisqa vaqtda tozalaydi, idishlarni oqartiradi, tovadagi qotib qolgan yog‘lardan xalos etadi va mikroblarni yo‘q qiladi. Sirka hech qanday maxsus tayyorgarlikni talab qilmaydi. Gubkani sirka bilan namlang va yuvishni boshlayvering, so‘ng tozalangan idishlarni quruq sochiq bilan artib oling. Sirkadan so‘ng qoladigan o‘tkir hiddan tashvishlanmang — hid bir necha soat ichida “uchib ketadi”.

Limon kislotasi

Limon sharbati yoki limon kislotasi suv quvuri, kir yuvish mashinasi va choynak ichidagi qotishmalardan xalos bo‘lishda foydali vosita hisoblanadi. Limon kislotasini suvda eriting va shu aralashma bilan idishlarni yuvib olishingiz mumkin. Limon kislotasiga bir necha tomchi sirka qo‘shish ham mumkin. Keyin ularni toza suvda chayib olish kifoya.

Osh tuzi

Tuz qotib qolgan yog‘ni tozalashda keng qo‘llaniladi. Keramika va chinni idishlarni yuvish uchun ularga tuz sepib, ozgina iliq suv qo‘shing va bir necha daqiqaga qoldiring. So‘ng iliq suvda chaying.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar