Turkmaniston xalq maslahati raisi, mamlakat sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov samolyoti AQSHda shikastlangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Turkmen news xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Gurbanguli Berdimuhamedov 16-fevraldan 18-fevralgacha Florida shtatida tashrif bilan bo‘lgan. Davlat ommaviy axborot vositalari tashrif dasturi haqida xabar bermagan. Biroq ushbu tashrif “ikki mamlakat o‘rtasidagi konstruktiv munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun keng istiqbollar ochishi” ta’kidlab o‘tilgan.
Berdimuhamedov Fort-Loderdeyl xalqaro aeroportiga Boeing-777 (bort raqami EZ-A780) samolyotida uchib kelgan. Ammo mahalliy blogerlar va jurnalistlar tomonidan olingan kadrlarda laynerning gorizontal stabilizatori shikastlanganini ko‘rish mumkin.
Berdimuhamedovning Floridada nima bilan shug‘ullangani hozircha noma’lum. E’tiborli jihati, aeroportdan taxminan 45 daqiqalik masofada AQSH prezidenti Donald Trampning Mar-a-Lago xususiy qarorgohi joylashgan. Samolyotning aeroportda uzoq vaqt qolib ketgani AQSHdagi aviatsiya kuzatuvchilari e’tiborini tortgan. Ular olgan suratlarda uchoqning dum qismiga yaqin joyda shikastlanish borligi aks etgan.








