Xitoyning Agibot kompaniyasi jangovar sahnalarda real insonlar bilan professional darajada bellasha oladigan Expedition A3 nomli odamsimon robotini taqdim etdi. Bu haqda “Zakon.kz” nashri xabar berdi.
Interesting Engineering nashrining yozishicha, mazkur gumanoid kung-fu san’atini hayratlanarli darajada mukammal egallagan. U quyidagi murakkab harakatlarni erkin bajara oladi:
• baland sakrab, qo‘l va oyoqlarda shiddatli zarbalar berish;
• o‘z o‘qi atrofida aylanib, kutilmagan zarbalar yo‘llash;
• murakkab akrobatik elementlarni yuqori aniqlikda namoyish etish.
Mutaxassislarning fikricha, robot ishtirokidagi jangovar videolar uning muvozanatni saqlash, harakatlarni aniq muvofiqlashtirish va yuqori dinamikaga ega ekanligini isbotlaydi.
Robotning mexanik qo‘llari (manipulyatorlari) uch kilogrammgacha bo‘lgan yukni bemalol ko‘tara oladi. Qurilmaning aylanish va harakatlanish tezligi bir soniyada ikki metrgacha yetishi mumkin.
Gumanoidga o‘rnatilgan sun’iy intellekt modeli u bilan muloqot qilishni ancha osonlashtiradi. Endi robotni faollashtirish uchun maxsus kalit so‘zlarni aytish shart bo‘lmaydi, u bilan xuddi inson bilan gaplashgandek tabiiy muloqotga kirishib ketish mumkin.
Shuningdek, qurilmaning yelkasiga yengil teginish orqali ham uni ishchi holatga keltirish imkoniyati mavjud. Ushbu texnologik mo‘jizani seriyali ishlab chiqarish joriy yilga mo‘ljallangan.








