Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda so‘nggi 10 yil ichida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha xavotirli statistikani e’lon qildi. Shuningdek, u o‘g‘li, ukasi va uning turmush o‘rtog‘i avtohalokat qurboni bo‘lgani haqida so‘zlab berdi. Bu haqda Kabar xabar berdi.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, o‘n yil ichida yo‘l-transport hodisalari oqibatida 9 120 kishi halok bo‘lgan, yana 13 260 kishi jarohatlangan. Jabrlanganlarning qariyb yarmi nogiron bo‘lib qolgan. Bu esa davlat zimmasiga qo‘shimcha ijtimoiy majburiyatlar, jumladan, nafaqalar to‘lash mas’uliyatini yuklaydi.
Qirg‘iziston rahbari yo‘l-transport hodisalari oqibatida ko‘rilgan shaxsiy yo‘qotishlari haqida ham gapirdi. Jumladan, uning tug‘ishgan ukasi turmush o‘rtog‘i bilan YTHga uchrab, voqea joyida halok bo‘lganini aytdi.
“Ularning to‘rt nafar farzandi turli jarohatlar olgan, ammo tirik qolgan. 2019-yilda katta o‘g‘lim ham YTH oqibatida vafot etdi. Bunday fojiaga uchragan odamlar esa minglab topiladi”, dedi Sadir Japarov.
Uning fikricha, o‘lim bilan tugaydigan baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun yo‘l harakati qoidalarini puxta o‘rganish zarur. Japarovning to‘ng‘ich o‘g‘li Dastan 2019-yil avgust oyida Bishkekda sodir bo‘lgan YTH oqibatida vafot etgan. 27 yoshli Dastan boshqaruvidagi mototsikl avtomobil bilan to‘qnashib ketgan. Oqibatda prezidentning o‘g‘li og‘ir jarohatlar olgan va bir necha kundan keyin shifoxonada jon bergan.
Ma’lumot o‘rnida, Sadir Japarov o‘g‘li avtohalokatga uchraganida jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan. Siyosatchi 2017-yil avgustida Pervomay tuman sudi tomonidan 2013-yilda Qorako‘l shahrida o‘tkazilgan mitingni tashkil etishda sheriklik qilganlikda ayblanib, 11 yil-u 6 oy muddatga qat’iy rejimli koloniyaga hukm qilgan edi.
2017-yil sentyabrida siyosatchining otasi — 84 yoshli Nurko‘jo ajiy vafot etgan. O‘shanda Japarovning advokatlari uni otasining dafn marosimiga qo‘yib yuborishni so‘ragan, biroq bunga ruxsat berilmagan.
2019-yil 9-mart kuni Japarov onasining dafn marosimida ishtirok etish uchun vaqtincha ozod etilgan. O‘shanda u siyosiy bayonot bilan chiqib, avvalgi hokimiyat (sobiq prezident Almazbek Atambayev davri) uni noqonuniy va adolatsiz ravishda qamoqqa olganini aytgan. 2019-yil bahorida Qirg‘iziston Oliy sudi uning jazoni o‘tash muddatini 10 yilgacha qisqartirgan. Siyosatchi 2020-yil 6-oktyabr kuni parlament saylovlaridan keyingi namoyishlar fonida qamoqdan chiqqan.








