Daryo

Valyuta savdosi: aholi bir yilda qancha oldi-sotdi qildi?

Oʻtgan yili Oʻzbekistonda aholi va banklar oʻrtasidagi chet el valyutasi savdosi keskin oshdi. Eng katta ulush AQSH dollari hissasiga toʻgʻri keldi.

1 daqiqa o‘qish11 603 ko‘rishlar0 izoh4

Oʻtgan yili Oʻzbekistonda aholi va banklar oʻrtasida jami 33,6 milliard dollar ekvivalentida chet el valyutalari oldi-sotdi qilingan. Markaziy bank tahliliga koʻra, eng koʻp savdolar AQSH dollari bilan amalga oshirilgan.

Tahlildan toʻqqiz turdagi xorijiy valyutalar oldi-sotdisiga oid raqamlar keltirilgan. Masalan, oʻtgan yili oʻzbekistonliklar banklarga 21,47 milliard AQSH dollari sotgan. Bu 2024-yildagi 16 milliard dollarlik savdolarga nisbatan sezilarli koʻp. Shu bilan birga, oʻtgan yili aholi banklardan 11,8 milliard dollar xarid qilgan. Bir yil oldingi koʻrsatkich esa 9,3 milliard dollar edi. Yaʼni 12 oy ichida dollar sotish va sotib olish hajmi sezilarli oshgan.

Oʻtgan yil davomida banklar jismoniy shaxslardan 108 million yevro sotib olgan (bir yil ilgari 67,1 million yevro edi). Oʻz navbatida 95 million yevro sotgan (2024-yildagi koʻrsatkich 86,9 million yevro boʻlgan).

Qiymat jihatdan keyingi yirik savdolar Rossiya rubli bilan boʻlgan. Yil mobaynida aholi banklarga 3,5 milliard rubl sotgan (yillik oʻsish bir milliard rubl), banklardan esa 2,5 milliard rubl xarid qilgan (bir yil oldingidan 500 million rublga koʻp).

Qozogʻiston tengesi bilan savdo hajmi ham oshgan. 2025-yilda aholi banklarga 1,2 milliard tenge (2024-yilda 805 million tenge) sotib, 909,5 million tenge (bir yil oldin 520,7 million tenge) xarid qilgan.

Yaponiya iyenasi bilan savdolar ham biroz koʻpaygan. Oʻtgan yili banklar aholidan 97,6 million Yaponiya iyenasi sotib olgan boʻlsa (2024-yilda 90,8 million iyena), 29,5 million iyena sotgan (bir yil avvalgi savdo 21,8 million iyena).

Angliya funt sterlingi, Shveysariya franki, Turk lirasi va Yuan renminbi kabi valyutalar savdosi nisbatan kam ulushni tashkil etgan. 

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar