Daryo

Tarixiy rekord: oltin narxi bir unsiyasi uchun 5500 dollardan oshdi

Bir kun ichida oltin narxi 300 dollarga ko‘tarildi. Global beqarorlik, savdo urushlari xavfi va geosiyosiy noaniqliklar sabab investorlar xavfsiz aktivlarga sarmoya kiritmoqda.

1 daqiqa o‘qish9 056 ko‘rishlar0 izoh8

Oltin narxi bir troya unsiyasi uchun 5,5 ming dollardan oshib, tarixiy rekordni yangiladi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

AQSH dollarining qadrsizlanishi, shuningdek investorlarning obligatsiyalar va valyutalarni xavfli aktivlar deb baholab, oltinni afzal ko‘rayotgani fonida qimmatbaho metall narxi ketma-ket to‘qqiz kundirki rekordlar qayd etmoqda. Bir kun ichida oltin narxi 3,2 foizgacha oshdi. Comex birjasida bir troya unsiyasi 5 584,3 dollardan baholandi. Taqqoslash uchun, bir kun avval, 28-yanvar kuni, oltin qiymati 5200 dan oshib rekord qayd etgandi. 12-yanvar kuni esa oltinning bir unsiyasi 4 600 dollar bo‘lgan.

2026-yil boshidan buyon spot oltin qariyb 28 foizga, kumush esa deyarli 65 foizga qimmatlashdi. Global beqarorlik, savdo urushlari xavfi va geosiyosiy noaniqliklar sharoitida investorlar xavfsiz aktivlariga murojaat qilmoqda, bu esa oltinga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda.

Qimmatbaho metallarga talab ortishiga yana bir qator omillar ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, inflyatsiyaning yuqori darajada saqlanib qolayotgani, AQSH dollarining zaiflashuvi, markaziy banklar tomonidan oltin xaridlarining ko‘payishi, shuningdek AQSH Federal zaxira tizimi (Fed) foiz stavkalarini pasaytirishi kutilayotgani narxlarning o‘sishiga turtki bermoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, AQSH markaziy banki asosiy foiz stavkasini 3,50–3,75 foiz oralig‘ida o‘zgarishsiz qoldirishi mumkin. Shu bilan birga, Fed rasmiylarining bayonotlari yaqin kunlarda oltin narxiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli mavjud.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar