Kino tarixida ayrim rollar shunchalik omadli chiqadiki, ular aktyorning keyingi faoliyatini belgilab beradi. Ammo bu obrazlar har doim ham dastlab tanlangan aktyorlarga nasib etavermaydi. Quyida bugun afsonaga aylangan filmlarda bosh qahramon bo‘lishi mumkin bo‘lgan, biroq bu imkoniyatdan turli sabablar bilan mahrum bo‘lgan aktyorlar haqida so‘z yuritamiz.
Mettyu Makkonaxi o‘rniga Leonardo Di Kaprio (“Titanik”)
“Titanik” hozirda kino tarixidagi eng muvaffaqiyatli loyihalardan biri sifatida tilga olinadi, biroq film suratga olinayotgan paytda unga katta umid bildirishmagan. Shu sababli ayrim aktyorlar ssenariyni jiddiy qabul qilmagan.
Mettyu Makkonaxi Jek roli uchun dastlabki nomzodlardan biri edi. U ssenariy bilan tanishib chiqib, filmni yetarlicha qiziqarli deb hisoblamaydi va agentlari orqali javob ham bermaydi. Aktyor obrazni sodda va zerikarli deb baholagan. Natijada rol Leonardo Di Kaprioga nasib etgan va bu loyiha uni jahon miqyosidagi mashhur aktyorga aylantirgan.
Leonardo Di Kaprio o‘rniga Kristian Beyl (“Amerikalik psixopat”)
Bu safar imkoniyatni Di Kaprio boy bergan. U Bret Iston Ellis romaniga asoslangan “Amerikalik psixopat” filmidagi Patrik Beytman rolini chin dildan ijro etishni istagan. Hatto loyiha ustida jiddiy muzokaralar ham olib borilgan.
Shunga qaramay, yakuniy tanlov Kristian Beyl foydasiga hal bo‘lgan. Rejissyorlar uning sovuqqon, nazorat ostidagi agressiyani ifodalash qobiliyatini yuqori baholagan. Keyinchalik Beyl hazil aralash Di Kaprioni bu obraz uchun haddan tashqari kelishgan deb atagan.
Jim Kerri o‘rniga Jonni Depp (“Karib dengizi qaroqchilari”)
Bugun kapitan Jek Chittak obrazida Jonni Deppdan boshqa aktyorni tasavvur qilish qiyin. Ammo dastlab bu rol uchun Jim Kerri jiddiy da’vogarlardan biri bo‘lgan.
O‘sha davrda Kerri komedik rollar bilan katta mashhurlikka erishgandi va studiya aynan shu tajribaga tayanmoqchi edi. Biroq aktyor bir vaqtning o‘zida “Qudratli Bryus” filmiga taklif oladi va tanlovni shu loyiha foydasiga hal qiladi. Natijada Jonni Deppga imkoniyat beriladi va u kapitan Jek obrazini kutilmagan, g‘ayrioddiy uslubda yaratib, rolni mutlaqo yangi darajaga olib chiqadi.
Bryus Uillis o‘rniga Patrik Sueyzi (“Ruh”)
1990-yilda ekranlarga chiqqan “Ruh” filmi tomoshabinlar va tanqidchilar tomonidan iliq kutib olinib, “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ammo bosh qahramon Sem roli dastlab Bryus Uillisga taklif qilingan edi.
Aktyor loyiha tijoriy jihatdan muvaffaqiyat qozonishiga ishonmagan va undan voz kechgan. Shundan so‘ng rejissyor Jerri Suker Patrik Sueyziga murojaat qilgan.
Jeyk Jillenxol o‘rniga Elayji Vud (“Uzuklar hukmdori”)
“Uzuklar hukmdori” trilogiyasidagi Frodo obrazi uchun Elayji Vuddan avval Jeyk Jillenxol kastingdan o‘tgan. Ammo aktyor kuchli hayajon sababli sinov jarayonida o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon qila olmagan. Hatto eng oddiy sahnalarda ham o‘zini erkin tutish unga qiyin bo‘lgan. Natijada rol Elayji Vudga berilgan.








