Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Boeing 767-300 samolyoti texnik nosozlik tufayli Rossiyaning Krasnoyarsk shahridagi aeroportga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Bu haqda Lenta nashri xabar berdi.
“Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Boeing 767-300 samolyoti Toshkentdan Vladivostokka uchayotgan vaqtda Krasnoyarskka favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Samolyot bortida 122 yo‘lovchi va ekipaj a’zolari bo‘lgan. Jarohat olganlar yo‘q. Aeroport odatdagidek ishlamoqda”, deyiladi xabarda.
Ushbu vaziyat yuzasidan Uzbekistan Airways munosabat bildirdi.
“Texnik sabablarga ko‘ra HY707 reysi (Toshkent — Vladivostok) Krasnoyarsk shahridagi zaxira aeroportiga yo‘naltirildi”, deyiladi aviakompaniyaning rasmiy Telegram kanalida.
HY707/708 reyslarining keyingi harakat jadvali va batafsil ma’lumotlar qo‘shimcha ravish e’lon qilinishi ta’kidlandi.








