Daryo

Qozogʻistonda 16 yoshdan kichiklarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishi mumkin

Madaniyat va axborot vazirligi tegishli qonun loyihalarini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qoʻydi.

1 daqiqa o‘qish7 118 ko‘rishlar0 izoh0

Qozog‘istonda 16 yoshga toʻlmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklash koʻrib chiqilmoqda. Bu haqda madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi.

Balayevaning so‘zlariga ko‘ra, Madaniyat va axborot vazirligi tomonidan onlayn platformalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihalari ishlab chiqilgan. Ular 16 yoshga to‘lmagan fuqarolarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni taqiqlashni nazarda tutadi.

“Qonun loyihalari ekspertizadan o‘tkazilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Ularni samarali amalga oshirish uchun Xalq ta’limi vazirligi hamda Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi bilan birgalikda foydalanuvchilarning yoshini tekshirish mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek, zarur hollarda javobgarlik choralarini belgilash rejalashtirilgan”, dedi vazir.

U aholining mediasavodxonligini oshirish va mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilishini aytdi.

“Qonunchilik darajasida onlayn platformalar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida reklama daromadlarini taqsimlashni tartibga solish, ayrim tovarlarni reklama qilishga qo‘yilgan taqiqni qisman bekor qilish imkoniyati ko‘rib chiqiladi”, deya qo‘shimcha qildi bosh vazir o‘rinbosari.

​Ijtimoiy tarmoqlarga yoshga oid chegara o‘rnatish tashabbusi dunyoning turli mamlakatlarida amalda qo‘llanilmoqda. Xususan, Avstraliyada 2024-yildan beri 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga TikTok, Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlangan. Bu qoidani buzganlarga 50 million Avstraliya dollarigacha jarima solinadi.

2025-yil noyabr oyida Daniya hukumati 15 yoshdan kichik bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha yangi qonun loyihasini e’lon qildi. Malayziya 2026-yildan boshlab 16 yoshdan kichik foydalanuvchilar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda. Fransiya ham yangi o‘quv yilidan boshlab 15 yoshga to‘lmaganlarga shunday taqiq joriy etmoqchi.

Bundan tashqari, dunyoda davlatlari bolalarni onlayn zararli kontentdan himoya qilish choralarini izlamoqda. Masalan, Xitoyda bolalarning video o‘yin va smartfon vaqtiga cheklovlar joriy etilgan, Fransiyada esa TikTok yoshlarni o‘ziga zarar yetkazishga undayotgani bo‘yicha tekshiruv boshlangan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_moObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar