Daryo

Xitoyda yangi trend — “biznes yugurishlar” ommalashmoqda

Unga ko‘ra, ishga oid masalalar sport bilan shug‘ullanish vaqtida muhokama qilinmoqda.

2 daqiqa o‘qish3 974 ko‘rishlar0 izoh0

Xitoyda hamkasblar birgalikda yugurish uchun yig‘iladigan g‘ayrioddiy korporativ trend tobora ommalashmoqda. Ushbu amaliyot doirasida xodimlar nafaqat sport bilan shug‘ullanadi, balki yugurish vaqtida mijozlar bilan bog‘liq ish masalalarini ham muhokama qiladi. Ammo sportni yoqtirmaydiganlar uchun yangi trend keraksiz majburiyat va stress sababchisiga aylanmoqda.

Bunday harakat mamlakatda turli marafonlar o‘tkazilishining avj olgan davrida yuzaga keldi. Raqamlarga nazar tashlasak, 2024-yilning o‘zida Xitoyda 7 million kishi ishtirokida 749 ta yugurish musobaqasi o‘tkazilgan. Shanxay marafoni kabi nufuzli startlarda ishtirok etish esa tobora qiyinlashib bormoqda. Masalan, 2025-yilda ariza topshirganlarning atigi 7,2 foizigagina qatnashish huquqi berilgan.

Bugungi kunda Pekindagi “Chaoyang” va Olimpiya o‘rmon bog‘lari o‘rta sinf vakillari uchun o‘ziga xos norasmiy ofis vazifasini o‘tamoqda. Ayrim yirik kompaniyalar, xususan, sport sanoatiga ixtisoslashgan tarmoqlar ertalabki majlislarining bir qismini bevosita yugurish yo‘laklariga ko‘chirgan. Bunday yondashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad xodimlarning sportga qiziquvchi mijoz ehtiyojlarini yaxshiroq tushunishga harakat qilishidir.

Foto: South China Morning Post

Biroq ofis tashqarisidagi bunday faol rejim hamma uchun ham birdek ma’qul kelmayapti. Xanchjoulik ishchi ayolning shikoyatiga ko‘ra, uning kompaniyasi xodimlarni har kuni soat 07:00 da G‘arbiy ko‘l (West Lake) atrofida yugurishga majbur qiladi. Rahbariyat tomonidan qat’iy minimal tezlik me’yori belgilangan bo‘lib, marraga ulgurmaganlar jamoa oldida ochiqcha tanqid qilinadi. Qizig‘i shundaki, xodimlar ushbu majburiy mashg‘ulotga o‘z vaqtida yetib borish uchun har kuni taksi xarajatlarini o‘zlari qoplashga majbur bo‘lmoqda.

Achinarlisi, 2024-yilda bir yosh mutaxassis shanba kuni tashkil etilgan 10 kilometrlik yugurish musobaqasida qatnashishdan bosh tortgani sababli ishdan bo‘shatilgan. 2023-yilda esa ijtimoiy tarmoqlarda nomzodlardan oyiga 20 marta ertalabki yugurishni talab qiluvchi xodim vakansiyasi e’lon qilingach, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.

“Jingsh” yuridik firmasi advokati Yao Chjidouning aytishicha, ish beruvchilarning xodimlardan ishdan tashqari vaqtda sport tadbirlarida ishtirok etishni talab qilishi noqonuniy hisoblanadi. Chunki sport ixtiyoriy tanlov bo‘lib, uni majburiy mehnatning bir qismiga aylantirish xodimlarning kompaniyaga bo‘lgan sadoqatini pasaytirishi mumkin.

Soliyeva Sevaraxon Akram qizi. 1996-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2018-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar