Farzanddan ayrilish inson tasavvur qila olmaydigan darajada yurakni ezuvchi fojiadir. Afsuski, bunday og‘ir sinov mashhur insonlarni ham chetlab o‘tmagan. Quyida farzand dog‘i dardini boshidan kechirgan mashhur ota-onalar yodga olinadi.
Tommi Li Jons
Gollivud aktyori Tommi Li Jons 1-yanvar kuni og‘ir yo‘qotishga uchradi. Uning qizi Viktoriya Jons San Fransiskodagi mehmonxonada vafot etgan holda topildi. U 34 yoshda edi. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, aktrisaning tanasida jarohatlar yoki zo‘ravonlik alomatlari aniqlanmagan. Shuningdek, voqea joyida giyohvand moddalarni iste’mol qilish bilan bog‘liq hech qanday buyum topilmagan. Politsiya vakillari Viktoriyaning hayotdan ko‘z yumishi bilan bog‘liq holda oldindan xavotirli holatlar yoki shubhali belgilar qayd etilmaganini ma’lum qildi.
O‘limning aniq sabablari bo‘yicha tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Silvestr Stallone
Jangari filmlar yulduzi Silvestr Stallonening o‘g‘li Sayj Stallone 2012-yil 13-iyul kuni 36 yoshida Los Anjelesdagi uyida vafot etgan holda topilgan. Dastlab uning o‘limi turli taxmin va mish-mishlarga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Sayj yurak xurujidan vafot etgani rasman tasdiqlangan. Mutaxassislar uning yurak qon tomirlarida ateroskleroz alomatlari aniqlanganini bildirgan, o‘limda giyohvand moddalar yoki spirtli ichimliklar izlari topilmagan.
Sayj Stallone aktyorlik faoliyatini juda yoshligida boshlagan. U 1990-yilda suratga olingan “Rokki V” filmida otasi Silvestr Stallone bilan birga rol ijro etib, Rokkining o‘g‘li — Robert Balboa obrazini gavdalantirgan.
O‘g‘lining bevaqt o‘limi Silvestr Stallone uchun og‘ir ruhiy zarba bo‘lgan. Ushbu fojiadan so‘ng Stallone bir muddat jamoatchilikdan chekinib, oilasi davrasida bo‘lishni afzal ko‘rgan.
Tim Rot
2022-yil 31-oktyabr kuni britaniyalik aktyor Tim Rot bayonot berib, 25 yoshli o‘g‘li Kormak Rot saraton kasalligi oqibatida vafot etganini ma’lum qildi. Kormak iste’dodli bastakor va gitarachi bo‘lib, unga bir yil avval saratonning uchinchi bosqichi tashxisi qo‘yilgan edi. U kasallikka jasorat bilan qarshi kurashdi, biroq 16-oktyabr kuni oilasi bag‘rida hayotdan ko‘z yumdi.
Jon Travolta
2009-yil yanvar oyida aktyor Jon Travoltaning 16 yoshli o‘g‘li Jett Travolta Bagama orollarida oilaviy dam olish paytida fojiali tarzda vafot etgan. Hodisa ularga tegishli villada sodir bo‘lgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Jett tutqanoq xuruji (epileptik xuruj) vaqtida hushini yo‘qotib, hammomda yiqilgan va boshidan olgan jarohati oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Jett Travolta bolaligidan epilepsiya va autizm spektri bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekkan. Jon Travolta va uning rafiqasi, aktrisa Kelli Preston o‘g‘lining sog‘ligi uchun yillar davomida kurash olib borgan, uni doimiy tibbiy nazorat ostida saqlashga harakat qilgan.
Fojeadan so‘ng aktyor bir muddat kino faoliyatidan chekinib, butun e’tiborini oilasiga qaratgan. U rafiqasi va qolgan farzandlari — qizi Ella Blu va keyinchalik dunyoga kelgan o‘g‘li Benjamin bilan birga qayg‘uni yengishga harakat qilgan.
Mayk Tayson
Mashhur bokschi Mayk Tayson ham farzand dog‘i kabi og‘ir fojiani boshdan kechirgan. 2009-yil may oyida sportchining to‘rt yoshli qizi Exodus Tayson AQShning Arizona shtatidagi uyida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qizaloq uydagi yugurish trenajyorida osilib turgan elektr arqon bilan o‘ynayotgan paytda bo‘yniga o‘ralib qolgan. Hodisa Exodusning akasi tomonidan payqab qolingan va u darhol onasiga xabar bergan. Qizcha zudlik bilan shifoxonaga yetkazilgan bo‘lsa-da, shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmadi. Exodus bir necha kundan so‘ng shifoxonada vafot etdi.
Charli Chaplin
Jahon kinosi afsonasi Charli Chaplin ham farzand ayriliq dardini boshidan kechirgan. Uning birinchi farzandi Norman Spenser Chaplin tug‘ilganidan uch kun o‘tib vafot etgan. Oradan yillar o‘tib, aktyorning o‘g‘li kichik Charli Chaplin ham 1968-yilda o‘pkasiga qon quyilishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.
Krishtianu Ronaldo
2022-yilda futbol yulduzi Krishtianu Ronaldo va uning jufti Jorjina Rodriges yangi tug‘ilgan egizak farzandlaridan biri vafot etganini ma’lum qilgan. Ronaldu bu voqeani “ota-ona boshidan kechirishi mumkin bo‘lgan eng katta og‘riq” deb atagan. Shuningdek, u omon qolgan qizalog‘ining tug‘ilishi ularga bu og‘ir damlarda umid va kuch berganini aytgan.








