Qozog‘iston va Qirg‘iziston musulmonlari diniy idoralari 2026-yilgi muqaddas ramazon oyi hamda hayit bayramlarining dastlabki sanalarini ma’lum qildi. Bu haqda Nur Kazakhstan va 24 kg nashrlari xabar berdi.
Qozog‘istonda ramazon va Qurbon hayiti
Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining tasdiqlashicha, 2026-yilda muqaddas ramazon oyining birinchi kuni 19-fevral sanasiga to‘g‘ri keladi. Laylatul qadr (Qadr kechasi) esa 16-martdan 17-martga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi. Ro‘za hayiti (Iyd al-Fitr) 20-mart kuni nishonlanadi. Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) esa 27-maydan 29-maygacha davom etadi.
Diniy boshqarma hijriy oylarning boshlanishi xalqaro astronomik tadqiqot markazlari ma’lumotlariga asoslanishini qayd etdi. Shu bilan birga, yangi oy ko‘rinishiga qarab diniy bayramlarning aniq sanalari bir kunga surilishi mumkinligi haqida qozog‘istonliklarni ogohlantirdi.
Qirg‘izistonda ramazon oyi qachon boshlanadi?
Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasining 24.kg nashriga ma’lum qilishicha, mamlakatda 2026-yilgi ramazon oyi dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra 18-fevralda boshlanishi kutilmoqda. Qadr kechasi an’anaga ko‘ra, ramazonning 27-kechasiga to‘g‘ri keladi. Bu vaqt esa 16-martdan 17-martga o‘tar kechasiga to‘g‘ri kelishi taxmin qilinmoqda. Ro‘za hayiti va bayram namozi 20-mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Qirg‘iziston muftiyligi ham ramazon oyining boshlanishi va yakunlanishi oy taqvimi hamda yangi oy ko‘rinishiga qarab belgilanishini, barcha sanalar hozircha dastlabki ekanini va keyinroq rasman tasdiqlanishini bildirdi.








