Hech e’tibor berganmisiz, har yili bir xil vaqtda bir xil filmlarni tomosha qilamiz. Replikalarni yoddan bilamiz, qo‘shiqlarni birinchi notalaridan taniymiz, ba’zida hatto ko‘rmaymiz ham - film olivye tayyorlanayotganda orqa fonda ketaveradi. Shunday bo‘lsa-da, usiz bayram “to‘liq” bo‘lmaydi. Nega ruhiyatimiz bu takrorlanishga shunchalik bog‘lanib qolgan? Mazkur maqolada shu savolga javob beramiz.
Birinchi va eng muhim sabab — odat
Odatlar insonga go‘zallik uchun yoki o‘tmishga bog‘lanib qolgani uchun emas, balki o‘tish davrlarini yengil o‘tkazish uchun kerak. Psixologiyada bu tartibsizlikni tartibga solishning eng qulay usuli hisoblanadi. Bir davr tugab, boshqasi boshlanayotganda tabiiy ravishda xavotir ortadi: nima to‘g‘ri bo‘ldi, nima noto‘g‘ri, endi nima bo‘ladi, buni uddalay olamanmi. Aynan shu paytda ruhiyatga tayanch nuqtalari juda zarur bo‘ladi.
31-dekabr — his-tuyg‘ular to‘lib-toshgan kun: yakunlar, kutilmalar, rejalar, umidlar va “xursand bo‘lish kerak” degan majburiyat. Bunday taranglikda har yilgi odat bu bosimni yumshatadi — olivye, mandarinlar, mushakbozlik va bayramning ajralmas qismi bo‘lgan sevimli filmlar. Ularsiz go‘yo Yangi yil bayramdek bo‘lmaydi, aynan shuning uchun ham ular boshqacha ta’sir qiladi.

Ikkinchi sabab - madaniy kod
Sevimli yangi yil filmini ko‘rayotganimizda uni yolg‘iz tomosha qilmayotganimizni ichki his bilan anglaymiz. “Hamma shunday qiladi” degan tushuncha bor. Yolg‘iz yashasak ham, Yangi yilni yoqtirmasak ham, norozilik bildirsak ham - qalbimizning tubida boshqalarga tegishlilik hissi mavjud. Bu umumiy ssenariy bo‘lib, unga qaror qabul qilmasdan ham qo‘shilish mumkin. Demak, bu qarorlar uchun mas’uliyatni ham o‘z zimmamizga olmaymiz. Ruhiyatimiz uchun bu katta yengillik hisoblanadi.
Buning ustiga tanish film tanlash zaruratidan xalos qiladi. Kimdir 1-dekabrdan boshlab Garri Potter sagasini qayta ko‘rishni boshlasa, boshqa birov 31-dekabrga bir necha kun qolganda “Uyda yolg‘iz” filmining barcha qismlarini ketma-ket tomosha qiladi, yana kimdir yangi yil arafasida “Taqdir hazili” filmini o‘ninchi marta ko‘rib, uning muhitiga cho‘madi. Izlanish, ikkilanish, xavotirlanish, yoqish-yoqmasligini o‘ylashning hojati yo‘q. Yillar davomida sinovdan o‘tgan qadrdon filmlar bor. 
Uchinchi sabab - xavfsizlik
Tanish filmda kutilmagan voqealar sodir bo‘lmaydi. Kim kim bilan qolishini, qayerda kulgi, qayerda ta’sirli lahzalar bo‘lishini bilamiz. Noaniqliklar haddan ziyod ko‘p bo‘lgan dunyoda bashorat qilish imkoniyatga aylanadi. U tashvishni kamaytiradi, vaziyatni nazorat qilish hissini qaytaradi va ruhiyatimizga uzoq kutilgan dam olish imkonini beradi.
Bu sevimli adyolga o‘xshaydi: yangi bo‘lmasligi mumkin, ammo unga o‘ranib olganingizda darrov xotirjamlik paydo bo‘ladi. Takrorlash odatiy hol degani emas. Takrorlash - ichki tayanch hisoblanadi.
To‘rtinchi sabab - nostalgiya
Psixologik jihatdan nostalgiya dunyo oddiyroq bo‘lgan paytga qisqa muddatga qaytish imkoniyatidir. Ota-onalaringiz yoningizda bo‘lib, bayramni tashkil etishdagi barcha tashvishlarini o‘z zimmalariga olgan, Yangi yil chindan ham sehrga to‘la bo‘lgan, sovg‘alarni o‘zingiz sotib olmasdan yuragingizni hovuchlab kutgan paytlarga qaytish qanday yaxshi. Aynan o‘sha davr filmlari bizni bu his-tuyg‘ularga qaytarishi mumkin.

Biz bu filmlarni syujet uchun emas, balki “o‘sha paytda menga yaxshi edi” degan tuyg‘u uchun ko‘ramiz. Bu tuyg‘uni saqlab qolish juda muhim, ayniqsa bugungi kun doim ham quvonch uchun sabab bo‘lmayotgan paytlarda.
Beshinchi sabab — oila mehri
Agar oilangiz bo‘lmasa, bu filmlarni tomosha qilish uni “to‘ldirib olish” usuliga aylanadi. Ovozlar, ohanglar, tanish sahnalar kimdir yoningizda bordek his uyg‘otadi. Go‘yo bu sehrli oqshomda yolg‘iz emassiz - bu ruhiyat uchun juda katta ahamiyatga ega.
Biz 31-dekabr kuni bir xil filmlarni yangilikdan qo‘rqqanimiz uchun emas, balki bu kunda barqarorlik va an’analar biz uchun yangilikdan ko‘ra muhimroq bo‘lgani sababli ko‘ramiz. Sog‘lom ruhiyatning siri xavfsiz joyga qayta olish qobiliyatidadir. Ba’zan Yangi yilga kirishning eng yaxshi usuli eski, ammo juda ishonchli va tanish dunyoda bir necha soat qolishdir.








