Qozog‘iston Transport vazirligi Oqtov yaqinida halokatga uchragan Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasiga tegishli samolyot bo‘yicha oraliq hisobotni e’lon qildi. Samolyot jangovar qism elementlari bilan shikastlangan, biroq ushbu elementlarning kimga tegishli ekani aniqlanmadi.
Aviahalokat bo‘yicha tergov Qozog‘iston Transport vazirligi huzuridagi maxsus komissiya tomonidan olib borilmoqda. Unda Ozarbayjon, Rossiya va Braziliya vakillari, shuningdek Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) kuzatuvchisi ham ishtirok etmoqda.
Komissiya ekipaj a’zolari va aviadispetcherlar faoliyati, parvozga tayyorgarlik va parvozni bajarishga oid hujjatlar, meteorologik ma’lumotlar va texnik xizmat ko‘rsatish materiallarini yig‘ib, tahlil qildi. Shuningdek, kabinadagi suhbatlarni yozib oluvchi qurilma yozuvlari to‘liq o‘rganildi.
AZAL samolyoti shikastlanishi: portlash izi yo‘q, ammo jangovar elementlar ehtimoli bor
Aviahodisani tekshirish doirasida aniqlangan begona metall buyumlar (tashqi obyektlar) bo‘yicha kompleks — trasologik, ballistik, portlash-texnik va yong‘in ekspertizalari o‘tkazildi. Ekspertiza natijalariga ko‘ra, portlovchi moddalar izlari aniqlanmadi. Tekshiruv uchun taqdim etilgan uchta kislorod ballonida ham portlash alomatlari topilmadi.
- Havo kemasining shikastlanishiga jangovar qism elementlari sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda, biroq ularning kimga tegishli ekanini aniqlashning iloji bo‘lmadi.
Shuningdek, 2-sonli gidravlik tizim quvurining bir qismi bo‘yicha trasologik ekspertiza o‘tkazildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, quvurda shikastlanishlar mavjudligi aniqlandi. Shikastlanishlar metallning qattiq buyumlar bilan to‘qnashuvi oqibatida yorilishi sabab yuzaga kelgan. Teshib o‘tuvchi shikastlanishlar temir asosidagi qotishmadan (po‘lat asosidan) tayyorlangan metall bo‘laklari (tashqi obyektlar) ta’sirida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin;
Bundan tashqari, Markaziy texnik xizmat ko‘rsatish kompyuteri (Central Maintenance Computer) kassettasi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazildi. Ushbu kassetta “Honeywell International Inc” ishlab chiqaruvchisining avionika modul blokidan chiqarib olingan. Kuchli issiqlik ta’siri sababli mazkur kassetadan ma’lumotlarni ajratib olishning imkoni bo‘lmadi.
Ma’lumotlarni tiklash uchun kassetta xotira kartasini ishlab chiqaruvchi Delkin Devices Inc kompaniyasiga yuboriladi. Hozirda komissiya AQSHning vakolatli vakili bilan mazkur zavod bazasida tadqiqot o‘tkazish masalasida muzokaralar olib bormoqda.
Shu bilan birga, Global joylashuv tizimi (GPS1 va GPS2) kassetalari bo‘yicha tadqiqotlar yakunlandi. Ushbu qurilmalar CMC Electronics zavodi bazasidagi 1 va 3-raqamli avionika modul bloklaridan olingan bo‘lib, hozirda olingan ma’lumotlar tahlil qilinmoqda.
Aviahalokat haqida qisqacha
2024-yil 25-dekabr kuni Oqtov aeroportidan uch kilometr uzoqlikda Ozarbayjonning Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasining Embraer samolyoti ishtirokida fojiali aviahalokat yuz berdi. Boku—Grozniy reysini amalga oshirayotgan samolyot favqulodda qo‘nishga urinish chog‘ida halokatga uchradi.
Bortda 62 nafar yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. 38 kishi halok bo‘lgan, yana 29 kishi jarohatlangan. Prezident Ilhom Aliyevning ta’kidlashicha, layner radioelektron kurash vositalari yordamida boshqarilmaydigan holatga keltirilgan va keyin Rossiya hududidan hujumga uchragan. Uchuvchilar Rossiyaning eng yaqin aeroportlaridan biriga favqulodda qo‘nishni so‘ragan, biroq ularga hamma joyda rad javobi berilgan, shundan so‘ng samolyot Kaspiy dengizini kesib o‘tib, Oqtov shahriga qulagan. Aliyev halokat uchun javobgarlikni Rossiyaga yuklab, aybdorlarni jazolashni talab qilgan edi.








