FIFA 2026-yilgi Jahon chempionati uchun chiqarilgan chiptalar narxini yana ko‘tardi. Guruh bosqichi uchun oddiy o‘yinlarga ajratilgan ayrim chiptalar hozir 700 dollar etib belgilangan. Final uchrashuvi uchun pastki qavatdan joy olish esa 8 680 dollar turadi. Bu oktyabr oyidagi narxdan qariyb 2 ming dollarga qimmat.
Mazkur narxlar FIFA tomonidan 11-dekabr, payshanba kuni ochilgan tasodifiy tanlov (lotereya) asosidagi sotuv bosqichida qo‘llanmoqda. O‘tgan haftadagi JCH-2026 qur’asi va to‘liq taqvim e’lon qilingach, FIFA aniq jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar uchun chipta sotish imkoniga ega bo‘ldi. Shundan so‘ng tashkilot har bir uchrashuvga bo‘lgan kutilayotgan talabni hisobga olib, narxlarni qayta ko‘rib chiqdi.
Bu tizim qanday ishlaydi?
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ma’lumotga ko‘ra, Jahon chempionati o‘yin chiptalari egalarini aniqlash maqsadida o‘tkaziladigan tasodifiy tanlov (lotereya) bosqichi uchun ariza berish boshlandi. Bu FIFAning chipta sotib olish tizimi bo‘lib, u tasodifiy tanlash usulida ishlaydi. Ya’ni, muxlislar avval biror o‘yinga chipta olish uchun ariza topshiradi. Ammo ariza topshirganlarning hammasi o‘sha chiptani sotib olmaydi. FIFA ariza berish jarayonini yakunlagach, tasodifiy ravishda ba’zi odamlarni tanlaydi. Tanlanganlarga chipta beriladi. Tanlanmaganlar esa rad javobi oladi. FIFA 2026-yilgi Jahon chempionati uchun chiptalarga talab juda yuqori bo‘lganligi ortidan mazkur mexanizmni qo‘llamoqda.
O‘zbekistonlik muxlislar ariza berish jarayonida “My Team Uzbekistan’’ bandni tanlab, aynan O‘zbekiston uchun ajratilgan sektorlar bo‘yicha chipta uchun so‘rov yuborishlari mumkin. Chipta egalari kelasi yil fevral oyida FIFA tomonidan tasodifiy tanlov orqali aniqlanadi va to‘lovlar arizada ko‘rsatilgan karta ma’lumotlari asosida avtomatik amalga oshiriladi. Ariza berish 2025-yil 13-yanvarga qadar FIFA rasmiy platformasi orqali amalga oshiriladi.
Chiptalar narxi nega oshdi?
FIFA 2026-yilgi Jahon chempionati uchun 1-kategoriya chiptalar narxini yana oshirdi. Oktyabr oyida 410–445 dollardan sotilgan chiptalarning hozirgi narxi 700 dollarga ko‘tarildi. Bunga asosiy sabab — qur’a tashlash jarayoni. Ya’ni yetakchi jamoalar ishtirokidagi o‘yinlarni bevosita stadiondan tomosha qilishni istaydigan ko‘plab muxlislar bor. Narxni ko‘tarilishiga esa aynan shu omil sabab bo‘lgan. Umuman olganda, 104 ta o‘yindan 80 tasida 1-kategoriya chiptalarning narxi oshirildi, ba’zi uchrashuvlarda narx 71% ga ko‘tarilgan, 11 o‘yinda esa narx pasaydi.
Yangi narxlar hozirdan 13-yanvargacha amal qiladi. Shu davrda muxlislar ariza topshiradi, FIFA esa tasodifiy tanlov orqali ba’zi muxlislarga chipta beradi va belgilangan narx bo‘yicha to‘lovni amalga oshiradi. Qolganlar rad javobini oladi. Ushbu sanadan keyin chiptalar narxida yana o‘zgarish bo‘ladi. Ammo 13-yanvardan keyin chiptalar narxi oshadimi yoki tushadimi, noma’lum.
Shuni ta’kidlash kerakki, qur’a tashlanishidan oldin, FIFA taxminan 2 million chipta sotgan edi, ammo ko‘pchilik qaysi o‘yinlar uchun chipta sotib olayotganini bilmagan. Oktyabrda narxlar tur va stadion joylashuviga qarab belgilangan, noyabrda esa kuchli talab sabab ba’zi o‘yinlar uchun narxlar yana oshirilgan.
Dekabr oyida FIFA jamoalarga qarab narxlarni qayta belgilash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shu bilan guruh bosqichidan o‘rin olgan 72 ta o‘yinni to‘rt toifaga bo‘ldi:
- Eng qiziqarli o‘yinlar: 1-kategoriya — $700, 2-kategoriya — $500, 3-kategoriya — $265
- Keyingi toifa: 1-kategoriya — $600, 2-kategoriya — $430, 3-kategoriya — $220
- Uchinchi toifa: 1-kategoriya — $500,2-kategoriya — $400, 3-kategoriya — $180
- To‘rtinchi toifa: 1-kategoriya — $450, 2-kategoriya — $380, 3-kategoriya — $140
Qaysi o‘yinlar uchun chiptalar narxi oshdi?
FIFA avval hech qachon “o‘zgaruvchan narxlar” tizimini ishlatmagan bo‘lsa-da, buni Amerika va Kanada standartlariga moslashuv sifatida qaralmoqda. Shuningdek, ushbu tizim dinamik narxlash deb ham ataladi va Shimoliy Amerika sport musobaqalarida keng qo‘llaniladi: talab kuchli bo‘lsa, narx oshiriladi, talab past bo‘lsa, joylarni to‘ldirish uchun narx pasaytiriladi.
Jumladan, Argentina, Portugaliya va Braziliya ishtirokidagi barcha o‘yinlari uchun chiqarilgan chiptalar qimmatga sotilmoqda: 1-kategoriya uchun 700 dollar, 2-kategoriya 500 dollar, 3-kategoriya 265 dollar qilib belgilangan. Shu bilan birga, Norvegiya — Fransiya, Urugvay — Ispaniya, Ekvador — Germaniya juftliklarining chiptalari ham qimmatga sotilmoqda.
Shuningdek, guruh o‘yinlaridan keyingi bosqichlar uchun chiqarilgan chiptalar narxi ham oshirildi. Final bahsi chiptasi narxi esa ketma-ket uchinchi oyda ham ko‘tarildi: 1-kategoriya 8 680 dollar, 2-kategoriya 5 575 dollar, 3-kategoriya 4 185 dollar bo‘ldi.
O‘zbekiston terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlar narxi qanday?
Shubhasiz, O‘zbekiston terma jamoasi ishtirokidagi ikki o‘yinga (Portugaliya hamda Kolumbiyaga qarshi bahslar) qiziqish ortdi. Sababi O‘zbekiston ilk turda Janubiy Amerika vakili Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Mezbonlik faktoridan kelib chiqilsa, ushbu o‘yinga bo‘lgan qiziqish ortadi. Chunki o‘yin Meksikada bo‘lib o‘tadi va ushbu bahsni tomosha qilish uchun ko‘plab kolumbiyalik muxlislar tashrif buyurishi kutilmoqda.
O‘zbekistonning Kolumbiya bilan o‘yin uchun chiqarilgan eng arzon chipta 220 dollardan sotilmoqda. Eng qimmati esa 600 dollar etib belgilangan. Shuningdek, Portugaliya bilan o‘yin uchun eng arzon chitaning narxi 265 dollarga baholangan. 1-kategoriya uchun chiptalar narxi esa 700 dollarga teng. Shubhasiz, narxlarning bunday keskin oshishiga Portugaliya safida o‘ynaydigan yulduzlar faktori sabab bo‘lgan. O‘zbekiston hamda pley-off orqali (Kongo/Yamayka/Yangi Kaledoniya) yo‘llanma olgan jamoa o‘rtasidagi bahs uchun chiqarilgan chiptalarning eng arzoni 140 dollardan boshlanadi. 1-kategoriya chiptalar qiymati esa 450 dollarga teng.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqichidagi ilk o‘yinini Meksikada o‘tkazsa, qolgan ikki turni AQSHdagi stadionlarda o‘tkazadi. “Oq bo‘rilar” ilk turda Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Bu uchrashuvga Meksika poytaxtidagi “Atsteka” stadioni mezbonlik qiladi. Jamoa ikkinchi turda Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya bilan o‘ynaydi. Mazkur bellashuv AQSHdagi “NRG” stadionida o‘tadi. Fabio Kannavaro jamoasi oxirgi turdagi uchrashuvni Atlantadagi “Mersedes Benz” stadionda o‘tkazadi.








