Kelasi yilda Oʻzbekiston byudjeti daromad va xarajatlari 2025-yildagidan sezilarli oshishi kutilmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etgan maʼlumotlarda asosiy prognozlar oʻrin olgan.
Daromad kutilmalari
2026-yilda davlat byudjeti daromadlari 368,9 trln soʻmni (YIMning 18,7 foizi) tashkil etishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, joriy yilgi daromadlar kutilmalari 345,2 trln soʻm.
Kelasi yili daromadlarning 286 trln soʻmdan ortigʻi soliq va bojxona tushumlari boʻladi. Bunda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi eng koʻp pul keltiradi — 88,8 trln soʻm. Shu bilan birga, foyda soligʻi (64,5 trln soʻm) hamda QQS (48,9 trln soʻm) byudjetga nisbatan yuqori miqdorda mablagʻ olib keladi.
Nimalarga xarajatlar qilinadi?
Kelasi yilda davlat byudjeti xarajatlari 402,4 trln soʻmni (YIMning 20,4 foizi) tashkil etishi kutilmoqda. Maʼlumot uchun, 2025-yildagi byudjet chiqimlari 388,9 trln soʻm boʻlishi prognoz qilingan.
2026-yilda eng koʻp xarajatlar ijtimoiy sohaga qilinadi — 220 trln soʻm (2025-yilda 206 trln soʻm boʻlishi kutilmoqda). Bu jami byudjet chiqimlarining 54,7 foiziga teng.
Iqtisodiyot xarajatlariga 55 trln soʻm yoʻnaltiriladi (joriy yilda 58 trln soʻm). Kelasi yilda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga 21 trln soʻm ajratiladi. Shuningdek, davlat qarziga xizmat koʻrsatishning foiz xarajatlariga 25 trln soʻm ajratiladi. Taqqoslash uchun, 2025-yildagi bu koʻrsatkich 20 trln soʻm boʻlishi kutilmoqda.
Ijtimoiy soha xarajatlarining asosiy qismi taʼlimga yoʻnaltiriladi — 100,3 trln soʻm. Keyingi yirik chiqimlar sogʻliqni saqlashga ketadi — 48,9 trln soʻm.
Kelasi yilda byudjet taqchilligini qoplash xarajatlari qariyb 59,6 trln soʻmni tashkil etishi prognoz qilingan. Oʻz navbatida byudjet taqchilligini moliyalashtirish uchun 2,5 mlrd dollari miqdorida tashqi davlat qarzi olinishi belgilangan.
2026-yilda Pensiya jamgʻarmasi xarajatlari jami 86 trln soʻm boʻlishi kutilmoqda. Shundan 23 trln soʻmi byudjetdan beriladi. Qolgani jamgʻarmaning oʻz daromadlari hisobidan qoplanadi.
Kelasi yilda subsidiyalar 28,3 trln soʻm ajratilishi belgilangan. Bu davlat byudjeti xarajatlarining 7 foizini tashkil etadi. Shundan 17 trln soʻmi aholiga past tariflarning qoʻllanishi hisobiga energetika va transport korxonalariga yetkazilgan zararni qoplashga sarflanadi. Xususan, gaz oldi-sotdisidan koʻrilgan zarar subsidiyasiga 5,9 trln soʻm ajratiladi (2025-yilda 7,0 trln soʻm). Shu bilan birga, issiqlik taʼminotiga 3,8 trln soʻm (joriy yilda 4,8 trln soʻm) yoʻnaltirilishi belgilangan.
Nafaqalar, moddiy yordam va aholiga boshqa imtiyozli toʻlovlarga 17 trln soʻm sarflanadi. Taqqoslash uchun, 2025-yilda bu koʻrsatkich 17,3 trln soʻm boʻlishi kutilmoqda.
2026-yilda prezident va hukumat qarorlariga muvofiq qabul qilingan davlat dasturlarini amalga oshirish uchun jami 50,2 trln soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan. Suv xoʻjaligi ekspluatatsiyasi xarajatlari 10,4 trln soʻm, “Tashabbusli byudjet” uchun 6 trln soʻm, umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarni saqlashga 6,7 trln soʻm yoʻnaltiriladi.
Kelasi yili davlat xodimlari ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdori qoʻshimcha oshirilishiga 6 trln soʻm ajratilishi belgilangan.
Hududlardan kutilmalar
2026-yilda mahalliy byudjetlar daromadlari 76 trln soʻm, xarajatlari 95,6 trln soʻm boʻlishi kutilmoqda. Bunda 19,5 trln soʻmlik taqchillik respublika byudjetidan qoplab beriladi. Hududlar kesimida eng koʻp daromad (12,6 trln soʻm) va xarajatlar (12,9 trln soʻm) Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri kelishi prognoz qilingan. Eng kam tushum (2,2 trln soʻm) va chiqimlar (2,9 trln soʻm) Sirdaryo viloyatida amalga oshiriladi.








