Daryo

Rossiyada “Qizaloq va maymoq” multfilmini taqiqlashmoqchi

Masha obrazi o‘ta injiq, o‘jar va boshqalar bilan hisoblashmaydigan qiz bo‘lib, multfilmda barcha hayvonlar undan qo‘rqadi, qizaloq esa o‘z xohish-istagini majburlab o‘tkazadigan personaj sifatida tasvirlanadi.

1 daqiqa o‘qish2 230 ko‘rishlar0 izoh3

Rossiyada “Qizaloq va maymoq” (“Маша и медведь”) multfilmini taqiqlash masalasi ko‘tarildi. Ayrim ekspertlar, jumladan, siyosatshunos va jamoat arbobi Vadim Popovning fikricha, ushbu animatsion kartina bolalarda an’anaviy oila qadriyatlarga zid tasavvur uyg‘otishi mumkin.

Popovning aytishicha, mamlakatda teletomoshabinlar hamda striming platformalari foydalanuvchilari “Qizaloq va maymoq” multfilmini bolalarga namoyish etishni cheklash masalasini ko‘rib chiqishlari lozim. Chunki kartina g‘oyaviy mazmunida Rossiya jamiyatida ustuvor sanaladigan an’anaviy oilaviy qadriyatlarga zid jihatlar mavjud. Siyosatshunos fikriga ko‘ra, multfilmda yolg‘iz yashaydigan, ota-ona qaramog‘idan tashqarida ulg‘ayayotgan va hayvon tomonidan tarbiyalanayotgan qizaloq obrazi yosh tomoshabinlarda oilaning o‘rni va oila institutiga oid noto‘g‘ri tasavvurlarni shakllantirishi mumkin.

“Bu multfilm bolalar auditoriyasiga taklif etilishi maqsadga muvofiq emas. Unda vayronkor g‘oyalar va salbiy ijtimoiy xarakterli elementlar mavjud”, deya qayd etdi Popov.

Foto: Animaccord

Shuningdek, u bosh qahramon Masha obrazining o‘ta injiq, o‘jar va boshqalar bilan hisoblashmaydigan qiz ekanligiga e’tibor qaratdi. Popovning so‘zlariga ko‘ra, multfilmda barcha hayvonlar Mashadan qo‘rqadi, qizaloq esa o‘z xohish-istagini majburlab o‘tkazadigan personaj sifatida tasvirlanadi. U misol sifatida Mashaning bo‘rilarni zo‘rlab davolanishga undagan epizodini keltirib, bu holat hayvonlarga nisbatan shafqatsizlikni targ‘ib qilayotgani haqidagi xavotirni ifoda etadi.

Popovning mulohazasiga ko‘ra, ayrim ikkilamchi personajlarning xatti-harakati ham savol tug‘diradi. Jumladan, ayol Ayiq obrazi samimiyat bilan e’tibor qaratayotgan erkak Ayiqning his-tuyg‘ularini rad etib, tashqi ko‘rinishi va boyligi bilan ajralib turuvchi boshqa, kuchliroq Ayiqni afzal ko‘rishi yosh tomoshabinlarga, ayniqsa, qiz bolalarga munosabat va qadriyatlar bo‘yicha noto‘g‘ri namuna bo‘ladi.

Foto: Telegraph

Shu bilan birga, Popov butun multfilmni hozircha to‘liq taqiqlash zarur emasligini bildirgan. Ammo u “Qizaloq va maymoq”da mazmunan bahsli, g‘oyaviy jihatdan zararli deb baholanishi mumkin bo‘lgan epizodlar yetarli ekanini ta’kidlab, ushbu masala bo‘yicha ekspertlar tomonidan munozaralar davom etishi kerakligini bildirgan.

Soliyeva Sevaraxon Akram qizi. 1996-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2018-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar