Daryo

Janubiy Koreyada qadimgi “muzlatkich” topildi (foto)

Bu kashfiyot 1400 yil avval yashagan Pekche elitasining muz saqlash texnologiyasini aks ettiradi. Arxeologlar inshootning puxta loyihalashtirilganidan hayratlanmoqda.

2 daqiqa o‘qish2 854 ko‘rishlar0 izoh14

Janubiy Koreyada arxeologlar ilk bor Pekche davriga oid muzlatkich vazifasini oʻtagan muz omborxonasini topdi. Bu haqda The Chosun Daily xabar berdi.

Topilma YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Busosanson qal’asida aniqlangan. Bu kashfiyot 1400 yil avval yashagan Pekche elitasining muz saqlash texnologiyasini aks ettiradi.

Pekche davlati miloddan avvalgi 18-yilda tashkil topgan bo‘lib, u Koreyaning uchta qadimiy qirolligidan biri edi (Koguryo va Silla bilan bir qatorda). U o‘z davrida dengiz savdosi va madaniy rivojlanishi bilan ajralib turgan, buddizm, san’at va texnologiyalarni Yaponiya orollariga yoygan.

  • Muz omborining tuzilishi
Foto: Madaniy meros milliy tadqiqot instituti

“Bingo” deb atalgan inshoot, ya’ni “muz ombori”ning o‘lchamlari 7×8 metr bo‘lib, chuqurligi 2,5 metrni tashkil etadi. Ichkarisida mohirlik bilan o‘yilgan U shaklidagi kamera (xonacha) mavjud. Devor keyinchalik tosh bloklar bilan mustahkamlangan, bu, ehtimol, issiqlikdan himoya qilib, muzning erishini sekinlashtirish uchun xizmat qilgan.

Inshoot markazida dumaloq drenaj teshigi bor, muz eriganda hosil bo‘ladigan suv shu orqali chiqib ketgan. Arxeologlar inshootning puxta loyihalashtirilganidan hayratga tushishdi.

“Biz issiq iqlim sharoitida muzni saqlashga mo‘ljallangan, drenaj chuqurchasi va mustahkamlangan devorlarga ega bunday puxta o‘ylangan tizimni kutmagandik”, dedi Madaniy meros milliy tadqiqot instituti vakili.

Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, bino juda aniq qurilgan bo‘lib, uzoq muddatli saqlash uchun mo‘ljallangan va ehtimol faqat qirollik nazorati ostida ishlatilgan. Bunday omborxonalar Sharqiy Osiyoda saroy hayotining ajralmas qismi bo‘lib, saroyni sovitilgan suv bilan ta’minlagan va issiq paytlarda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga xizmat qilgan.

Foto: Madaniy meros milliy tadqiqot instituti

Muzxona ichida chidzingu deb ataluvchi marosim idishi topilgan. U qadimda qurilish boshlanishidan avval yer ruhlarini tinchlantirish uchun ishlatilgan. Idish ichidan “Besh chu” deb nomlangan qadimiy Xitoy tangalarining beshtasi topilgan. Ular farovonlik va himoya ramzi hisoblangan. Mutaxassislariga ko‘ra, bu qurilish muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’minlash uchun o‘tkazilgan marosim harakati bo‘lgan.

Foto: Madaniy meros milliy tadqiqot instituti
  • Busosanson qal’asi

Busosan qal’asi hozirgi Puyo shahridan 106 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida qirollik qarorgohi va mudofaa istehkomi vazifasini bajargan. Qal’a tepasidan Pekche hukmdorlari Kum daryosini kuzatib turganlar — bu daryo poytaxtni dengiz savdo yo‘llari bilan bog‘lab turgan muhim arteriya bo‘lgan.

Qazishmalar natijasida terrasali platformalar va ustunli poydevorlar topilgan, bu yerda saroy darajasidagi binolar mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. Qalʻa 660-yilda Silla va Tan qo‘shinlari tomonidan zabt etilgan Pekche qulashiga guvoh bo‘ldi va qirollikning 700 yillik hukmronligiga chek qo‘ydi.

  • Muz omborining ahamiyati

Arxeologlarning ta’kidlashicha, muz ombori Pekche nafaqat me’morchilik va san’atda, balki murakkab texnologik tizimlarda ham yetuk boʻlganini isbotlaydi. Muz ustidan nazorat tabiat ustidan hukmronlik ramzi bo‘lib, resurslarni yig‘ish, saqlash va saroy doirasida oqilona taqsimlash uchun byurokratik tizimni talab qilardi.

Shunga o‘xshash tizimlar Xitoyda Tan sulolasi davrida qo‘llanilgan bo‘lib, u yerda imperatorlik saroylari katta muz o‘ralaridan foydalangan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar