Yaqinda bo‘lib o‘tgan konsertidan so‘ng mashhur o‘zbek xonandasi Lola kutilmaganda o‘zining Instagram sahifasidagi barcha rasm va videolarni o‘chirib tashladi. Avvalgi postlar o‘rniga u qisqa xabar yozib qoldirdi:
“Biz yana qachondir uchrashamizmi yo‘qmi, bilmayman... Lekin sizlarni va bu kunlarni eslab yuraman, yuragimda saqlayman”.
Xonandaning bu harakati muxlislar orasida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik Lolaning ijodni to‘xtatmoqchi ekanini taxmin qilmoqda, biroq xonandaning o‘zi bu haqda hali rasmiy bayonot bermadi.
Ba’zi muxlislar esa u shunchaki og‘ir gastrol safaridan so‘ng ijodiy tanaffus olishga qaror qilgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni bildirmoqda.
Xonandaning Ijtimoiy himoya agentligida ish boshlashi mumkinligi haqida ham xabarlar mavjud.
Ma’lumot uchun, Lola 4-sentyabr kuni 40 yoshni qarshiladi.
U 1985-yilning 4-sentyabrida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Ravshanbek Yo‘ldoshev uzoq yillar mobaynida ichki ishlar organlarida tergovchi sifatida faoliyat yuritgan. Shu bilan birga, uning sanʼatga qiziqishi baland bo‘lgan. Aynan shu qiziqish ortidan Ravshanbek Yo‘ldoshev keyinchalik ko‘plab yulduzlarni kashf qilgan “Tarona rekords” prodyuserlik kompaniyasiga asos solgan. Uning yordamida “Setora” guruhi, Shahzoda, Shohruxxon kabi xonandalarning tanilishiga hissa qo‘shgan.
Onasi Gulnora Yo‘ldosheva esa dizaynerlik bilan shug‘ullangan, u avvaliga turmush o‘rtog‘ini qo‘llab-quvvatlash uchun uning prodyuserligida suratga olingan kliplarda kostyum ustasi bo‘lib ishlagan.








