Aprel oyida “Tolibon” yetakchisi davlat xizmatchilarining 20 foizini qisqartirishni buyurgan, may oyida esa ularning maoshlarini kamaytirishga topshiriq bergandi. Biroq barcha vazirliklar bu ko‘rsatmaga bo‘ysunmagan. Avgust oyi oxirida Amu TV bilan gaplashgan manbalar Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy o‘z odamlari va yaqin tarafdorlarini saqlab qolish uchun qisqartirishlarga qarshilik ko‘rsatganini aytgan.
Natijada Moliya vazirligi norozilik sifatida Ichki ishlar vazirligi xodimlariga maosh to‘lashni kechiktirgan. Haqqoniy bunga javoban qisqartirishlarni qabul qilishdan ko‘ra maoshlarni shaxsan o‘z mablag‘idan to‘lashga tayyorligini bildirgan, deydi manbalar. Hozirda Ichki ishlar vazirligida maosh masalasi hal etilmagan bo‘lsa-da, Moliya vazirligi yaqinda Mudofaa va Ta’lim vazirliklari xodimlariga kechiktirilgan to‘lovlarni amalga oshirgan.
“Haqqoniyning qarshiligi uning o‘z ta’sir doirasini va ichki hokimiyatdagi mavqeini saqlab qolishga intilayotganini ko‘rsatmoqda”, deydi Amu TV suhbatdoshlari.








