Daryo

Ulardan biri Riannani kaltaklagan: qamalib chiqqan Gollivud yulduzlari

Gollivudda mashhurlarning hayoti doimo muhokama markazida. Biroq hatto yulduzlar ham tez-tez noqonuniy xatti-harakatlar sodir etadi.

4 daqiqa o‘qish747 ko‘rishlar0 izoh2

Gollivudda mashhurlarning hayoti doimo muhokama markazida. Biroq hatto yulduzlar ham tez-tez noqonuniy xatti-harakatlar sodir etishadi. Panjaralar ortiga tushib qolgan yulduzlarning ba’zilari uchun bu shunchaki qora bir lavha bo‘lgan bo‘lsa, boshqalari uchun esa butun karyerasiga chiziq tortgan zarba bo‘ldi.

Mark Uolberg

Марк Уолберг

Bostonning notinch hududida ulg‘aygan Mark Uolberg yoshligida bir necha bor muammolarga duch kelgan. 1986-yilda, 15 yoshida, u bir guruh afroamerikalik bolalarni haqoratlab, ularga g‘isht otgan. 1988-yilda 16 yoshli Uolberg mast holda ikki vyetnamlikka hujum qilgan: birini hushidan ketguncha tayoq bilan urgan, boshqasining ko‘ziga urib, haqoratlagan. Bu jinoyatlari uchun u ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, ammo Bostondagi axloq tuzatish muassasasida atigi 45 kun o‘tirgan.

Qamoqxonada Uolberg hayotini o‘zgartirishga qaror qilgan. Ozodlikka chiqqach, u musiqa bilan shug‘ullanib, 1990-yillar boshida Marky Mark and the Funky Bunch guruhida Marky Mark taxallusi bilan rep ijro eta boshlagan. Uning aktyorlik debyuti 1994-yilda Leonardo DiKaprio bosh rolni ijro etgan “Basketbolchining kundaligi” filmida bo‘lgan, “Bugi uslubidagi tunlar” filmi esa unga shuhrat keltirgan. Keyinchalik u eng ko‘p haq oladigan aktyorlardan biriga aylangan. Shuningdek, u Wahlburgers burger tarmog‘ini tashkil etgan.

2014-yilda Uolberg obro‘sini tiklash maqsadida 1980-yillardagi jinoyatlari uchun afv so‘ragan, ammo 2016-yilda arizasini qaytarib olgan. U kechirim so‘rab, jabrlanuvchilardan biri bilan uchrashgan, biroq boshqa jabrlanuvchi Kristin Etvud bunga qarshi chiqib, uning harakatlarini nafratga asoslangan jinoyat deb baholagan. Uolbergning SAG mukofotlari marosimida boshlovchi sifatida tanlanishi va u yerda osiyolik aktyorlar tarkibiga “Hamma joyda bir vaqtning o‘zida” filmi uchun mukofot topshirishi jamoatchilikda ko‘plab savollar uyg‘otgan. Ammo tomoshabinlar aktyorning o‘tmishidagi qora sahifani allaqachon unutgan.

 Kris Braun

 Крис Браун

Kris Braun og‘ir fe’l-atvori tufayli bir necha bor muammolarga duchor bo‘lgan. 2009-yilda u sevgilisi Riannani kaltaklagan. Braun hujumda aybini tan olib, besh yillik shartli jazo, jamoat ishlari hamda majburiy oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurash dasturini o‘tashga mahkum etilgan. 2014-yilda esa shartli jazo shartlarini buzgani uchun 131 kunlik qamoq jazosiga tortilgan.

Braun reabilitatsiya markazlarida davolangan bo‘lib, u yerda unga bipolyar buzilish va travmadan keyingi stress buzilishi tashxisi qo‘yilgan. Qonun bilan bog‘liq muammolar tufayli Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliyaga kirish uchun viza olishda rad javobi olingan, bu esa uning gastrollarini murakkablashtirgan. Biroq qamoqqa olishlar ko‘pincha yengil jazolar yoki muddatidan oldin ozod etilish bilan yakunlangan.

Janjallarga qaramay, Braunning karyerasi muvaffaqiyatli davom etgan. Rianna voqeasidan so‘ng u “F.A.M.E.”, “Indigo” va “11:11” kabi albomlarni chiqargan. Hozirda u Los-Anjelesda istiqomat qilib, yangi musiqa ustida ishlamoqda va biznes bilan shug‘ullanmoqda - uning Black Pyramid nomli kiyim-kechak brendi mavjud.

Shon Penn

Шон Пенн

1987-yilda isyonkor fe’l-atvori bilan tanilgan Shon Penn “Ranglar” filmi suratga olinayotganda ehtiyotsizlik qilib mashina haydagani va statist Jeffri Klaynni haqorat qilganligi uchun qamoqqa olingan. Bu voqea u avvalgi hodisalar: 1985-yilda paparatssiga va 1986-yilda musiqachi Devid Volinskiga hujum qilgani uchun shartli jazoni o‘tayotgan paytda sodir bo‘lgan. Sud Pennni Los-Anjeles okrugida 60 kunlik qamoq jazosiga hukm qilgan, shundan 33 kunini u o‘tagan. Qamoqxonada u bilan birga seriyali qotil Richard Ramires ham bo‘lgan. 2010-yilda aktyor fotograf bilan mushtlashuvi uchun 300 soatlik jamoat ishlari va 36 soatlik g‘azabni boshqarish kurslarini o‘tashga majbur etilgan.

Qamoq Pennning karyerasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan. Ozodlikka chiqqach, u muvaffaqiyatli filmlarda suratga tushishni davom ettirgan, ikkita “Oskar”, “Oltin globus” va Kann kinofestivalining “Oltin palma” mukofotlarini qo‘lga kiritgan.

Shu bilan birga, aktyor xayriya ishlari bilan ham shug‘ullana boshlagan. Uning CORE jamg‘armasi tabiiy ofatlardan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatadi. Bularning barchasi aktyorga karyerasi va mashhurligini saqlab qolishga yordam bergan.

Kichik Robert Dauni

 Роберт Дауни-младший

Kichik Robert Dauni giyohvandlik tufayli muammolarga duch keldi. 1996-yilda u taqiqlangan moddalar va to‘pponcha saqlashda ayblanib qamoqqa olindi va uch yillik shartli jazoga hukm etildi. Aktyor muntazam ravishda giyohvand moddalarga test topshirishi lozim edi. Biroq u bu shartlarga amal qilmadi va 1996-yilda qo‘shnisining uyiga ruxsatsiz kirgani uchun qo‘lga olindi. 1997-yilda u Los-Anjeles okrugi qamoqxonasida to‘rt oy o‘tirishga majbur bo‘ldi.

Dauni qamoqxona tajribasini juda og‘ir davr sifatida eslab qolgan. 2001-yilda u yana qamoqqa olindi, bu esa uning “Elli Makbil” serialidagi rolidan mahrum bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Ammo 2003-yilga kelib, rafiqasi Syuzan Levin va do‘sti Mel Gibsonning qo‘llab-quvvatlashi tufayli u giyohvandlikdan butunlay xalos bo‘ldi. Gibson uning kinoga qaytishiga yordam berdi. 2015-yilda Kaliforniya gubernatori Jerri Braun Daunining 1996-yildagi sudlanganligini afv etdi.

Qamoq Daunining aktyorlik karyerasini barbod qilmadi, aksincha, burilish nuqtasi bo‘ldi. Reabilitatsiyadan so‘ng u “Temir odam” filmida suratga tushib, jahon yulduziga va Marvel kino olamining asosiy qahramoniga aylandi. Uning “Sherlok Xolms”, “Omadsiz askarlar” va “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan “Oppengeymer” filmlaridagi rollari muvaffaqiyatini yanada mustahkamladi. Hozirda aktyor Gollivudning eng muvaffaqiyatli loyihalarida suratga tushishni davom ettirmoqda.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar